Buxoroda mamlakatimiz mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida viloyat shahar va tumanlari bo‘ylab kinokarvon tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Tadbirda taniqli teatr va kino namoyandalari o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda qatnashmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 1 iyundagi “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoniga binoan haftaning har juma kuni “Mehr va saxovat kuni” etib belgilangan. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Buxoro viloyati bosh boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Buxoro viloyati kengashi hamkorligida Mustaqilligimizning 32 yilligiga bag‘ishlab Buxoro “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat uyida “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
[gallery-13278]
Tadbirga Said Muxtorov, Mehriddin Rahmatov, Xurshid To‘xtayev, Alisher Otaboyev, Anjelika Esimbetova, Dilshodbek Kattabekov, Umid Iskandarov kabi taniqli kinoijodkorlardan tashkil topgan “Kinokarvon” guruhi taklif etildi.
Kinoijodkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar, she’rlar muruvvat maskanidagi ayollarning ko‘ngillarini ko‘tardi.
Turli yoshdagi kishilarning san’atkor sheriklari tomonidan ijro qilinayotgan kuy va qo‘shiqlariga monand ko‘zlarida quvonch, qalblarida shukronalik bilan jo‘r bo‘layotganligi to‘rt muchali sog‘lom har bir insonni o‘zligini anglashga, mehr-oqibatli bo‘lishga undaydi.
Dunyoda mehrning, qadriyatning umri boqiydir. Insoniy fazilatlargina ulug‘lik sari boshlaydi. Qayerda mehr-oqibat, qadr-qimmat bo‘lsa o‘sha yerda baxtiyorlik, farovonlik hukm suradi.
Kinokarvon tadbirlari viloyatning shahar va tumanlari bo‘ylab davom etmoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA