Milliy o‘zbek kino san’atini rivojlantirish, zamon talablari asosida ravnaq toptirish, o‘lmas kinolarimiz namunalarini saqlab qolish dolzarb masalalardan biridir. Bu borada 2005 yilda “O‘zbekiston Milliy kinofondi” davlat muassasasi tashkil etilgan bo‘lib, u mamlakatimiz kino merosini saqlash, tiklash va raqamlashtirish bilan shug‘ullanib kelmoqda.
Bugungi kunda fond saqlovida 1 ming 500 dan ortiq elektron formatdagi filmlar, 9 ming 500 dan ziyod kinotasmalar hamda yuzlab hujjatli va animatsion filmlar mavjud bo‘lib, ular milliy kino san’atining noyob boyligi hisoblanadi.

Ammo, bugungi kunda ularni saqlash bilan bog‘liq ayrim muammolar sababli fonddagi filmlarning katta qismi fizik buzilish xavfi ostida turibdi. Bu esa kinofond faoliyatini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish va infratuzilmani tubdan yangilashni taqozo etadi.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi hamda “O‘zbekiston Milliy kinofondi” hamkorligida O‘zbekiston Kinematografiya agentligida o‘tkazilgan milliy kino merosini saqlash va raqamlashtirish mavzuidagi davra suhbatida ayni masalalarga e’tibor qaratildi.
Tadbirda milliy kino merosini saqlash, tiklash va raqamlashtirish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Tadbirda soha mutaxassislari fonddagi mavjud kino san’ati durdonalarini saqlash va raqamlashtirish borasida bir qator aniq taklif va tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, arxiv filmlarini raqamlashtirish va tiklash laboratoriyasini tashkil etish orqali xorijiy tajriba asosida zamonaviy skanerlash va restavratsiya uskunalari joriy etilishi kerak. Bu orqali har yili 50-60 ta film raqamlashtirilib, besh yilda barcha kinotasmalar raqamli formatga o‘tkaziladi.

Yagona elektron ma’lumotlar bazasini yaratish ham muhim hisoblanadi va bu bilan barcha kino, foto, audio va hujjatlar elektron katalogga kiritilib, Kinematografiya agentligi axborot tizimi bilan integratsiya qilinadi. Shuningdek, saqlash infratuzilmasini modernizatsiya qilish, kadrlar malakasini oshirish va bu borada xalqaro hamkorlikni kengaytirish, “Arxiv filmlar zali”ni tashkil etish bo‘yicha ham tashabbuslar bildirildi.
Shuningdek, tadbir davomida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va Kinematografiya agentligi o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi. Partiya vakillari O‘zMTDP saylovoldi dasturida kino san’atini rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha bir qator tashabbuslar ilgari surilganini qayd etdi. Shu bilan birga, milliy kino san’ati namunalarini saqlash bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish, davlat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ilmiy qo‘llab-quvvatlovni oshirish zarurligini ta’kidladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA