Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kino maktabi o‘quv kursi bitiruvchilari mahoratini amaliy jarayonlarda namoyon etmoqda
11:24 / 2026-01-30

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 5 iyundagi tegishli qaroriga muvofiq, Kinematografiya agentligi huzuridagi Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi qoshida kinematografiya sohasi uchun o‘rta-maxsus mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlashga ixtisoslashgan Kino maktabi o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga sertifikat hamda davlat dasturi asosida yaratilayotgan tarixiy-badiiy, hujjatli hamda zamonaviy kino loyihalarida ishtirok etish uchun maxsus yo‘llanmalar topshirilgan edi.

Ushbu yo‘llanmalar yosh mutaxassislarning nazariy bilimlarini amaliy jarayonlar orqali mustahkamlash, ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda ularni milliy kino industriyasiga faol jalb etishga xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda  mazkur Kino maktabining  bitiruvchilari “Tirik tarix” loyihasi doirasida suratga olinayotgan qator muhim kino asarlarida yo‘llanma asosida o‘z faoliyatlarini boshlagan.  

Jumladan, “Yulduzlar shu’lasi: Jomiy va Navoiy”, “Farhod va Shirin” tarixiy-badiiy filmlari, “Tegirmon”, “Pomir tog‘lariday yuksak” badiiy-publitsistik filmlari, shuningdek, “Hayot formulasi” zamonaviy badiiy filmi suratga olish jarayonlarida faol ishtirok etib, o‘z kasbiy mahoratlarini amalda namoyon etmoqda.

Shu o‘rinda, kino ishlab chiqarish jarayonlariga yosh mutaxassislarni keng jalb etish, suratga olish jamoalarini yanada ko‘proq yosh kadrlar bilan mustahkamlash bugungi davr talabi ekanligini alohida ta’kidlash joiz. Bu esa kelgusida yirik va sifatli kino loyihalarining yaratilishi uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi.

N.Usmonova, O‘zA