Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kino darg‘alari bilan uchrashuv
10:53 / 2023-12-20

"Renessans" kino uyida "Oltin Humo” – 2023 milliy kinotaqdimoti doirasida O‘zbekiston xalq artisti Turg‘un Azizov bilan ijodiy uchrashuv tashkil etilib, tadbir davomida Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan O‘zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi tomonidan "Vatan timsollari" rukni ostida suratga olingan "Turg‘un Azizov: sahna sarlochini" hujjatli filmi namoyishi bo‘lib o‘tdi.

Kechada film qahramonining yaqinlari, ko‘p sonli kinoijodkorlar, talaba yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.  

Ustoz ijodkor  1934 yil 30 noyabrida  Toshkent shahrida tug‘ilgan.  Toshkent davlat san’at institutini tugatgach (1956), Hamza  (hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama) teatrida  aktyor sifatida faoliyat ko‘rsatadi. San’atkor "Makr va muhabbat" spektaklida  Ferdinand, "Sarvqomat dilbarim"da Ilyos,  "O‘g‘irlangan  umr"da Eydzi, "Noma’lum kishi" spektaklida Niyoz,  "Qutlug‘ qon" da Yo‘lchi kabi obrazlarni gavdalantirdi.    

Aynisa "Qirol Lir" spektaklidagi  Edmond, "Mirzo  Ulug‘bek" spektaklida Ulug‘bek, "Otello"da Otello kabi rollari  san’atkorga katta shuhrat keltirdi. Shuningdek, u  "Gang uzra tong", "Maftuningman", "Nodirabegim", "Uzoq-yaqin yillar",   "Parol – "Regina" mehmonxonasi",  "Qo‘qon voqeasi" kabi kinofilmlarda rang-barang rollarni mahorat bilan ijro etgan.

Uchrashuvda qayd etilganidek, Turg‘un Azizov  dramatik va romantik uslubdagi rollarni zo‘r ehtiros va jo‘shqinlik bilan ijro etadi. Qahramonlar harakterini ochishda til boyligidan ustalik bilan foydalanadi. Qahramonlarning his-tuyg‘ulari, ichki kechinmalarini tabiiy ifodalashga intiladi.  

Rejissyor sifatida „Mirzo Ulug‘bek“, „Alisher Navoiy“, „Mehrobdan chayon“, „Chimildiq“, „Mashrab“ (hammasi Munavvara Abdullayeva bilan hamkorlikda) kabi spektakllarni sahnalashtirdi.  

Uchrashuvda san’atkorning ijodi haqida batafsil so‘z yuritildi.  

Shuningdek, "Renessans" kino uyida O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, Davlat mukofoti sovrindori, "Kinematografiya fidokori" ko‘krak nishoni sohibasi, birinchi o‘zbek ayol kinorejissyori, ssenariynavis va multiplikator Qamara Kamolova bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.  

Tadbir davomida rejissyorning "Achchiq danak", "Ertaga chiqasanmi?", "Hamma yoqni qor qopladi" va "Yo‘l bo‘lsin" filmlaridan parchalar namoyish etildi.    

Ushbu filmlar bugungi kundagi eng durdona filmlar sanaladi. Kinorejissyor tadbir davomida ushbu filmlarni suratga olish jarayonlarini eslab, xotiralaridan  so‘zlab berdi.  

N.Usmonova,

O‘zA