Senatning yalpi majlisidagi navbatdagi masala “O‘simliklar karantini va himoyasi to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bo‘ldi.
Mazkur qonun bilan 1 ta kodeks va 5 ta qonunga o‘zgartishlar kiritilmoqda. Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda O‘simliklar karantini va himoyasi organlariga taalluqli ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar belgilanmoqda. “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunda esa mineral o‘g‘itlarning, o‘simliklarni himoya qilish uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalarning ulgurji va chakana savdosi bo‘yicha litsenziya amal qilish muddati cheklangan holda berilishi nazarda tutilmoqda.
Qayd etilganidek, mazkur qonunning qabul qilinishi natijasida karantin ostidagi mahsulotlarni ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, qayta ishlash, realizatsiya qilishda zararkunandalarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishga, qonunda belgilangan talablarga amal qilmaganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipi ta’minlanishiga erishiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
M.Komilova, O‘zA