Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kimyo sanoati: umumiy qiymati 36,5 million AQSH dollarlik 8 ta yangi loyiha ishga tushirildi
11:14 / 2025-12-13

O‘zbekistonda sanoat va innovatsiya sohasidagi yangilanishlar hamda mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar amaliyotda ham samara bermoqda. Shu maqsadda, "O‘zkimyosanoat" AJ matbuot xizmati OAV vakillari uchun Chirchiq kimyo industrial texnoparkida press-tur tashkil etdi.

Tadbir davomida jurnalistlar texnoparkda amalga oshirilayotgan sanoat loyihalari bilan yaqindan tanishib, rezident korxonalarning ishlab chiqarish jarayonlari va ular uchun yaratilgan qulayliklar haqida batafsil ma’lumot oldi.

Jurnalistlar ko‘zdan kechirgan korxonalar orasida ko‘piklantirilgan polipropilen mahsulotlari ishlab chiqaruvchi "Rhodium Polymer" MCHJ QK, maishiy va avtomobil kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi "BCG GROUP OZ" MCHJ XK, shovqin va issiqlik izolyatsiyasi mahsulotlari ishlab chiqaruvchi "Standartplast SA" MCHJ XK bor. Shuningdek, bir martalik tibbiy kiyim va to‘shak ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi "Zdravmedtex Aziya" MCHJ XK, professional ovoz jihozlarini ishlab chiqaruvchi "DHMT GLOBAL" MCHJ va avtomobil konditsionerlari uchun shlang va trubkalar ishlab chiqaruvchi "IOTA" MCHJ XK ham ularning e’tiborida bo‘ldi.

Mutaxassislar ma’lum qilishicha, Chirchiq kimyo industrial texnoparkida mahalliylashtirish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha salmoqli natijalarga erishilmoqda. Rezident korxonalar zamonaviy texnologiyalardan foydalanib, yuqori sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishda faol ishtirok etmoqda.

Xususan, 2025 yilda texnoparkda umumiy qiymati 36,5 million AQSH dollarlik 8 ta yangi loyiha ishga tushirildi. Bu loyihalar natijasida 312 nafar yangi ish o‘rni yaratildi va mahalliy sanoatda mustahkam asos yaratildi. Shu kunga qadar rezidentlar tomonidan umumiy qiymati 100 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiyalar o‘zlashtirildi va 954 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi.

Texnopark faoliyati mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar taqdim etish hamda xorijiy bozorlarda raqobatbardoshlikni oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Shu bilan birga, texnoparkda ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash, kasb-hunarga o‘qitish hamda hamkorlik aloqalarini kengaytirish maqsadida joriy yil Toshkent kimyo-texnologiya instituti bilan hamkorlikda "Intellektual kimyo-texnologiya tizimlari" ilg‘or muhandislik maktabi tashkil etildi. Bu yerda magistr bosqichidagi talabalar uchun kimyoviy texnologiya, texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish hamda kimyoviy texnologik jarayonlar va apparatlar mutaxassisliklari bo‘yicha o‘quv jarayonlari olib borilmoqda.

Tadbir davomida OAV vakillarini qiziqtirgan savollarga texnopark vakillari tomonidan batafsil javob berildi.

N.Ziyodulleva, O‘zA