Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligi
Shu yilning 15-16 oktyabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya hamda 17-18 oktyabr kunlari Termiz shahrida “Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkaziladi.
O‘zbekiston qadimdan ilm-ma’rifat markazi, madaniyat o‘chog‘i bo‘lib kelgan. Yurtimizdan yetishib chiqqan allomalarning ilmiy-ma’naviy merosi bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Bu merosni o‘rganish va keng targ‘ib etish borasida keyingi yillarda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining qarori ko‘ra, bu yil yurtimizda Imom Abu Iso Muhammad Termiziy tavalludining 1200 yilligi keng nishonlanayotgani ushbu yo‘nalishdagi ishlarning yorqin namunasidir.
Ushbu tarixiy sana munosabati bilan o‘tkazilayotgan xalqaro anjumanlarda muqaddas dinimiz ilmlari rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan Imom Termiziyning ulkan ilmiy merosini yanada chuqur o‘rganish, xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib etish, ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, yosh avlodning ma’naviy-ruhiy olamini boyitish, ularning qalbida milliy iftixor, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada kuchaytirish nazarda tutilgan.
Shuningdek, qarorga muvofiq Imom Termiziyning “Ash-Shamoil al-Muhammadiyya” va “Sunani Termiziy” asarlarini moturidiylik aqidasi va hanafiylik mazhabiga tayangan ko‘p jildlik akademik tarjima va sharhini tayyorlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Imom Termiziyning o‘zlari “Sunani Termiziy” asari haqida gapirib, “kimning uyida bu kitobdan bo‘lsa, o‘sha xonadonda Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) gapirayotgandek bo‘lur”, degan edilar. Shu bois Imom Termiziyning hayoti va merosi dunyoning turli burchaklarida yashovchi, dini va millatidan qat’iy nazar, ko‘plab olimlarning ilmiy izlanishlari mavzusiga aylangan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Imom Termiziy majmuasida bu ulug‘ olim va termiziy allomalarning hayoti, ilmiy va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan asarlarning nodir qo‘lyozma va nashr nusxalari hamda kitoblarining ko‘rgazmalarini tashkil etish soha vakillari, yurtimiz aholisi, yoshlar va sayyohlarning Imom Termiziy va termiziy allomalarning hayoti, ilmiy va ijodiy faoliyatini chuqur o‘rganish, ularga bo‘lgan e’tibor oshishiga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, ushbu ma’rifiy tadbirlar doirasida Imom Termiziy hayoti va ilmiy faoliyatiga oid ilmiy maqolalar tanlovi o‘tkaziladi. Imom-xatiblar va diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Imom Termiziy asarlari bo‘yicha hadislar bilimdoni” tanlovi, davra suhbatlari tashkil etiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarining ustoz va talabalari Imom Termiziyning hayoti va ilmiy faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy maqola va media mahsulotlar tayyorlab, ularni ommaviy axborot vositalarida e’lon qilib, Internet jahon axborot tarmog‘i va ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ib qilish ishlarini boshlab yuborishgan. Jumladan, shu kunga qadar, alloma hayoti va ijodiga bag‘ishlangan yuz ellikdan ziyod material tayyorlanib, matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilindi.
Alloma merosi nafaqat islom tafakkuri va tarixi sahifalarini yoritishda, balki butun insoniyatni doimiy ravishda bezovta qilib kelgan savollarga javob izlashda dolzarb bo‘lib qolmoqda. Shunday ekan, Imom Termiziyning tavallud sanalari munosabati bilan amalga oshirilishi nazarda tutilgan barcha chora-tadbirlar xalqimiz va butun dunyo aholisi uchun ma’rifiy jihatdan foydali bo‘ladi.
Zayniddin Eshonqulov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari.
O‘zA