O‘zbekiston Notarial palatasi «Yilning eng yaxshi notariusi» va «Yilning eng yaxshi Notarial palata xodimi» tanlovini o‘tkazdi.
Bosh Qomusimizning 30 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tanlov ikki bosqichda tashkil etilib, notariuslarning kasbiy madaniyati va bilimini oshirish, faol va bilimli notariuslarni rag‘batlantirishga qaratilgan.
Tanlovning hududiy bosqichlari g‘oliblari respublika bosqichida ishtirok etib, faoliyatlari haqidagi videorolikni tanlov hay’atiga taqdim qildi. Konstitutsiya hamda notariat sohasiga oid savol-javoblarda notariuslarning bilimi, hozirjavobligi sinovdan o‘tkazildi.

Aytib o‘tish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasi tashkil etilganiga yaqinda uch yil bo‘ladi. Palataga a’zo bo‘lgan xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar soni esa ming nafarga yaqinlashib qoldi.
Palata raisi Dilshod Ashurov faol va qonun doirasida faoliyat yuritayotgan notariuslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, qonun va normalarga rioya etgan holda aholiga yuksak saviyada huquqiy xizmat ko‘rsatayotgan notariuslar rag‘batlantirib borilishini qayd etdi. Notariat sohasida O‘zbekiston amaliyotini xorijga olib chiqish orqali mamlakat nufuzi yaxshilanishiga hissa qo‘shishda qonuniy ishlaydigan faol notariuslar muhim o‘rin tutadi.

Tanlov ishtirokchilari orasida bilimli va hozirjavob ishtirokchi deb topilgan Jizzax viloyati Baxmal tumanida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Sherdor Qo‘chqorov 1-o‘rin, Toshkent shahar Yashnobod tumanida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Zarnigor Nabirayeva 2-o‘rin, Buxoro shahrida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Dilobar Bozorova – uchinchi o‘ringa munosib, deb topildi. Ularga palataning qimmatbaho sovg‘alari – kompyuter jamlanmasi, televizor hamda printer tantanali ravishda topshirildi.
«Eng yaxshi Notarial palata xodimi» tanlovida 1-o‘rin Namangan viloyat hududiy boshqarmasi maslahatchisi Abror Qo‘chqorovga. 2-o‘rin Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi maslahatchisi Farhod Jumayevga, 3-o‘rin Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi maslahatchisi Alisher Hamroyevga nasib etdi. G‘oliblar munosib taqdirlandi.
N.Abduraimova, O‘zA