Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kimlar Insofsiz ijrochilarning yagona reyestriga kiritiladi?
15:08 / 2024-06-21

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ushbu qonun loyihasi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha davlat xaridlari amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan holatlarni “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun bilan aniq belgilash, davlat buyurtmachilari tomonidan amalga oshiriladigan eng yaxshi takliflarni tanlash va tender natijalari bo‘yicha g‘olib deb topilgan ishtirokchi taqdim etgan taklifda nazarda tutilgan shartlar asosida shartnomani davlat xaridlarining elektron tizimi tomonidan avtomatik tarzda shakllantirish nazarda tutilmoqda. 

Shuningdek, davlat xaridlarida barqarorlik prinsiplarini joriy etish orqali davlat buyurtmachilariga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish, davlat xaridlari elektron tizimining operatori davlat xaridlarining elektron tizimlarida xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish bilan bog‘liq xizmatlar ko‘rsatishi uchun vakolatli organdan ruxsatnoma olish kerakligi belgilab qo‘yilmoqda. 

Bundan tashqari, sudning qaroriga ko‘ra, firibgarlik, soxtalashtirish va korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan ishtirokchilarni avtomatik tarzda Insofsiz ijrochilarning yagona reyestriga kiritish taklif etilmoqda. 

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.

Issiqxona gazlari chiqarilishini cheklash sohasidagi davlat organlarining vakolatlari belgilanmoqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqilgan navbatdagi hujjat — iqtisodiyot tarmoqlarida issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi bo‘ldi. 

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda issiqxona gazlari chiqarilishini tartibga soluvchi qonun va normativ bazaning yo‘qligi respublikada issiqxona gazlarining chiqarilishini kamaytirishda iqtisodiy, texnologik va ekologik yo‘nalishlar bo‘yicha xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini cheklamoqda.

Qonun loyihasi bilan issiqxona gazlari chiqarilishini cheklashning asosiy prinsiplari, qisqartirilgan issiqxona gazlariga egalik munosabatlari, ularning hajmi davlat tomonidan to‘liq tasarruf qilinishi, issiqxona gazlarini chiqarilishini cheklash sohasidagi davlat organlarining vakolatlari belgilab berilmoqda.

Xususan, issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash sohasida yagona davlat siyosatini Vazirlar Mahkamasi amalga oshirishi, Iqtisodiyot va moliya vazirligiga issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash sohasidagi davlat dasturlari, hududiy va boshqa dasturlar ishlab chiqilishini muvofiqlashtirish, issiqxona gazlari savdosini tartibga solish, shu jumladan ularning monitoring, hisobot va verifikatsiya tizimini yuritish vazifalari yuklatilmoqda.

Shuningdek, issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash sohasidagi yuridik shaxs va yakka tartibdagi tadbirkorlarning huquq va majburiyatlari ham qonun loyihasida o‘z aksini topmoqda.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Energiya resurslaridan samarasiz foydalanganlik uchun javobgarlik belgilash taklif etilmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida deputatlar energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga oid qonun loyihasini birinchi o‘qishda atroflicha muhokama qildi. 

Qonun loyihasi 16 ta bob, 65 moddadan iborat bo‘lib, u energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirishda qonunchilik talablarini, qonunda foydalanilgan asosiy atamalar va tushunchalarni qamrab oluvchi umumiy qoidalarni, qonun hujjatlari talablariga rioya etishni, ularni buzganlik hamda energiya resurslaridan samarasiz foydalanganlik uchun javobgarlik belgilashni nazarda tutadi.

Shuningdek, loyihada energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sub’ektlari va ob’ektlari, asosiy prinsiplari hamda maqsadlari belgilab berilmoqda.

Qurilish va transport sohasida, bino hamda inshootlarda, issiqlik ta’minoti va kommunal xizmat ko‘rsatish korxonalarida, qishloq xo‘jaligida, suv xo‘jaligida, xalq xo‘jaligining boshqa sohalarida energiyani tejash, undan oqilona foydalanish hamda energiya samaradorligini oshirish tamoyillarini takomillashtirish nazarda tutilyapti.

Jumladan, loyihaning 8-moddasida bino va inshootlarning energiya samaradorligiga qo‘yiladigan talablarni belgilash, energiya auditini va majburiy energiya auditini o‘tkazish bo‘yicha majburiyatlarni, ko‘p kvartirali uylar binosi mulkdorlarining umumiy mulkiga nisbatan energiyani tejash va energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish majburiyatlarini belgilash kabi sohani davlat tomonidan tartibga solishning boshqa yo‘nalishlari belgilab qo‘yilmoqda.

Bundan tashqari, qonun loyihasi energiya menejmenti, energiya auditi va energetika ekspertizasiga oid yangi bob bilan to‘ldirilmoqda. Shu bilan birga, energiya resurslari xarajatlarini yanada optimallashtirish, energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha iqtisodiy mexanizmlar joriy etilishini davom ettirish, energiya ishlab chiqarish va iste’mol qilish miqdori hamda sifatini hisobga olish ham taklif etilmoqda. 

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Elektr energiyasi bozoriga treyderlar kirib kelmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Elektr energetika to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham muhokamalar markazida bo‘ldi.

Qonun loyihasi bilan iste’molchilarning narxlar, ishonchli elektr ta’minoti va xizmatlar ko‘rsatish sifati bo‘yicha manfaatlarini himoya qilish, elektr energiyasi jiddiy to‘siqlarsiz sotiladigan likvidli bozorni shakllantirish maqsadida samarali, shaffof, tabaqalashmagan va raqobatdosh elektr energiya bozorining yuzaga kelishi va rivojlanishiga ko‘maklashish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, raqobat muhitini rivojlantirish bilan bir qatorda, xususiy sarmoyalarni jalb qilish va joriy etishni rag‘batlantiruvchi elektr energetika tarmog‘ining samarali faoliyat yuritishi uchun tuzilma va umumiy qoidalarni belgilash taklif etilmoqda.

Xususan, qonun loyihasining 3-moddasi elektr energiyasining ulgurji va chakana bozorlari ishtirokchilarini aniq belgilash va raqobatga asoslangan tizimni yaratish, shuningdek, iste’molchilarning xarakteri o‘zgarganligi, xalqaro tajriba va xalqaro moliya institutlari tavsiyalaridan kelib chiqib, yangi asosiy tushunchalar bilan to‘ldirilmoqda.

Qonuniylik, insofli raqobat, tenglik va hisobdorlik, ochiqlik va shaffoflik, elektr energetikasi sohasi xavfsizligining ustuvorligi kabilar sohaning asosiy prinsiplari etib belgilanib, elektr energetikasi sohasining maqsadlariga oid yangi modda kiritilmoqda.

 

Loyihada elektr energiyasining raqobatga asoslangan ulgurji va chakana bozorlari qoidalari ham belgilab berilmoqda. Unga ko‘ra, ulgurji va chakana bozorlari qoidalari elektr energiyasi bozorining batafsil tuzilishi, narxlarni shakllantirishda sog‘lom raqobatni rag‘batlantirish, talab va taklif asosida ish ko‘rish, elektr energetikasi sohasida qazilma resurslardan foydalanishni qisqartirish, qo‘shni davlatlar uzatish tizimlari bilan aloqalarni kengaytirish kabi bir qator tamoyil va yo‘nalishlar asosida Regulyator tomonidan (O‘zbekiston Respublikasi Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi) ishlab chiqilishi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, elektr energiyasi bozorida treyderlar (jismoniy yoki yuridik shaxslar) faoliyatini tartibga solishga qaratilgan umumiy qoidalar, ularning huquqlari va majburiyatlariga oid norma kiritilmoqda. 

Majlisda mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasida sanoatni rivojlantirish, iqtisodiy o‘sishni ta’minlash va aholi farovonligini yuksaltirish, eng muhimi, ishonchli, xavfsiz hamda barqaror elektr ta’minoti tizimini yaratishga xizmat qilishi qayd etildi.

Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasining ahamiyati, ayni chog‘da zaruratiga alohida to‘xtalib, undagi ayrim normalar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Loyihani yanada takomillashtirish yuzasidan bir qator taklif va tavsiyalar berildi.

Qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

O‘zA