Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kimki bir shiddat aro sabru tahammul ayladi...
17:13 / 2020-04-29

Oʻzbekistonimizda mana bir yarim oydirki, sinovli kunlar hukm surmoqda.


Oʻzbekistonimizda mana bir yarim oydirki, sinovli kunlar hukm surmoqda. Davlatimiz rahbari boshchiligida bu kunlardan talafotsiz, ziyon-zahmatsiz chiqish choralari koʻrilmoqda. Aholining yordamga muhtoj qatlami zarur birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlanmoqda.

Mumtoz adabiyotimizda saxovatpeshalik insonning bosh fazilatlaridan biri sifatida ulugʻlab kelingan. Saxiy kishini mevali daraxtga oʻxshatishgan. Hamma vaqt uning hosilidan el bahra oladi. Saxiylik – bu faqat pul ulashish emas, avvalo qalb harorati, boshqalarni baxtiyor koʻrish istagi. Saxiy qalbli odam bogʻ koʻkartiradi, yer haydab, omborlarni gʻallaga toʻldiradi, el-yurtni obod, farovon qilish, odamlarning hojatini chiqarish uchun intiladi.

Oʻzbek millatiga beriladigan sifatlardan biri ham saxovatpeshalikdir. Oʻzbek har doim bitta nonini boshqalar bilan baham koʻrgan, boʻlishgan. Qoʻshnisi, qarindoshi, mahalladoshi qiynalib qolganligini xotirjam kuzatib oʻtirmagan. Bunga Ikkinchi jahon urushi yillarida Oʻzbekistonga keltirilgan boshqa millatga mansub kishilarga, bolalarga qay darajada mehribonlik koʻrsatilganligi, oxirgi zogʻorasigacha baham koʻrilganligi misol boʻla oladi.

Bugun toʻqchilik zamoni. Yaratganga beadad shukrlar boʻlsinki, yurtimiz tinch. Bozorlarimiz toʻkin. Xalqimiz bugungi sinovli kunlarda har doimgidan ham jipslashgan. Bir-biriga yordam, saxovat koʻrsatmoqda. Ayniqsa, Ramazon oyining kirib kelishi saxovatga toʻla qalblarni toʻlqinlantirdi. Shuning natijasi oʻlaroq “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasida butun mamlakatimizda savobli ishlarga qoʻl urilmoqda.

Samarqand viloyatida, jumladan, Urgut tumanida ham bu borada keng koʻlamli ishlar olib borilayotganini koʻrib, eshitib, shu zaminda oʻsib-ulgʻaygan inson sifatida eldoshlarimning bu savobli ishlaridan xursand boʻlaman. Tumanning Mergancha, Vatkan Qoʻzibek, Gʻoʻs, Satang va boshqa bir qancha qishloqlarida “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni eshitdim. Kam taʼminlangan, nogironligi bor, kunlik ishlarda ishlovchi oilalarga, obodonlashtirish boshqarmasi “Toza hudud” davlat unitar korxonasi ishchilariga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatilayotgan ekan. Shunday sinovli kunlarda va muborak oyda ehtiyojmandlarga yordam qoʻlini choʻzayotgan saxovatpesha insonlar Navoiy taʼbiri bilan aytganda “buzilgan kaʼbani obod aylaganlik” savobini olmoqda. Zero, buyuk alloma qayd etganidek,

Kimki bir koʻngli buzuqning xotirin shod aylagay,

Oncha borkim, Kaʼba vayron boʻlsa obod aylagay.

Mana shunday mungligʻ koʻngillarni obod qilishga xalqimizni esa shunday kunlarda uydan chiqmay, davlatimiz, hukumatimiz chaqirigʻiga labbay deb turishi, yaxshi kunlarning tezroq yetib kelishiga zamin yaratishini eslatgan holda sabr qilishga chaqirib qolaman. Binobarin, sabr qilishda ham hikmat koʻp. Qanoat, sabr, inson irodasini chiniqtirib, bardoshli, sabot-matonat egasi qilish mumkin:

Kimki bir shiddat aro sabru tahammul ayladi,

Baxt aning nishini noʻshu xorini gul ayladi (Alisher Navoiy).

Islom maʼnaviyatida ham sabr iymon tushunchasi bilan juda yaqin sanaladi. Yaratgan sabrlilar bilan birgadir. Shunday ekan, imkonimiz boʻlsa, atrofimizdagi yaqinlarimizga saxovat koʻrsataylik, sabr bilan xalqimiz boshiga kelgan tashvishni uyda oʻtirib yengaylik.

Muslihiddin MUHIDDINOV,
SamDU professori,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi.