Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Kimga yaxshilik qilish eshigi ochilsa, foydalanib qolsin, zero, uning qachon yopilishini bilmaydi”
14:56 / 2022-03-03

Qur’oni karim bandalarni tabiatni avaylab-asrash va himoya qilishga chaqiradi. Islom dinida bu vojib amal hisoblanadi.

Alloh taolo insonlarni tabiatga umumiy mulk sifatida qarashga buyurgan. Shu sababdan musulmon kishi uchun yerning barcha boyliklarini muhofaza qilishi zaruriy amallardandir.  

Yer va undagi narsalar Alloh taoloning biz bandalarga in’om etgan ne’mati. Berilgan ne’matga shukr – uning doimiy bo‘lishini ta’minlaydi. Shukr qilish o‘rniga ne’matlarning qadriga yetmay, isrof qilsak, zarar keltirsak uning zavoliga sababchi bo‘lib qolishimiz muqarrar. Alloh taolo insonni yerga xalifa qilganida yer unga omonat qilib berilgan edi. Islom esa har qanday fasodni qoralaydi. Jumladan, tabiatni ifloslantirish, unga zarar keltirish, boyliklarini isrof qilishni ham.  

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bir necha muborak hadislarida daraxt va ko‘chat ekishning savobi haqida aytgan bo‘lsalar yana bir nechta hadislarida ularni kesishdan qaytarganlar. Abdulloh ibn Habashiydan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Kim sidr daraxtini kessa Alloh taolo uning boshini do‘zaxga to‘g‘rilab qo‘yadi” (Abu Dovud rivoyati). Yana bir hadislarida “Daraxtlarni kesmanglar, chunki u cho‘lda chorva uchun himoyadir”, deb aytganlar. Atrof-muhitni toza, ozoda saqlash ham tabiatga bo‘lgan munosabatimizning bir ko‘rinishi. Vaholanki, Islomda poklik iymondan xisoblanadi. Islom poklik va poklanish ishlariga o‘ta jiddiy nazar bilan qaraydi. Abu Molik al-Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam “Poklik iymonning yarmidir...”, dedilar” (Muslim, Nasaiy va Termiziylar rivoyat qilishgan). Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhu Basraga voliy bo‘lib borganlarida odamlarga shunday xutba qilgan ekanlar: “Mo‘minlar amiri Umar (roziyallohu anhu) meni sizning huzuringizga yubordi. Men sizga Kitobingiz (Qur’oni karim) ni, Nabiyyingizning sunnatini o‘rgataman, atrof- muhit va yo‘llaringizni ozoda qilaman, tozalayman”.  

Hozirgi kunda atrof-muhitni muhofaza qilish asrimizning eng muhim muammolaridan biri bo‘lib turibdi. Bu muammo insoniyatga keltirishi mumkin bo‘lgan yomon oqibatlari bo‘yicha har qanday halokatdan kam emas. Albatta, texnologiya sohasidagi taraqqiyot, yangi energiya manbalarining kashf etilishi, ma’danlar va kimyoviy moddalarning paydo bo‘lishi, oqibatini o‘ylamay, tabiatdagi jarayonlarga aralashuv atrof-muhitni muhofaza qilish borasida nihoyatda tashvishli vaziyatni vujudga keltirdi. Shu bois mamlakatimizda ekologik holatni yaxshilash, daraxtlar muhofazasini ta’minlash va yashil maydonlarni kengaytirish bo‘yicha Prezidentimiz tomonidan katta tashabbus ilgari surildi. Yashil olamni saqlash va ko‘paytirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Tabiiyki, tabiat va unga oid muammolar butun olamdagi yuz millionlab musulmonlarni ham, Islom ulamolarini ham tashvishga solmoqda va ular bu muammolarni hal qilishda Qur’oni karim oyatlariga hamda Islom ta’limotlariga murojaat qilishmoqda.  

1 mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida Ulamolar Kengashining navbatdan tashqari bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida 2022 yil 2 fevral kuni Prezidentimiz raisligida ekologik holatni yaxshilash va “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda qayd etilgan masalalar ijrosi bo‘yicha O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining bayonoti qabul qilindi. Bayonotda muqaddas dinimizning tabiatga munosabati, nafaqat insonlar balki, nabotot va hayvonotga ham zarar berish yo‘qligi, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har birimiz o‘zimiz yashab turgan shaharu qishloqlarimizni, mahallalarimizni obod qilib, joriy yilning 1 martidan “Yashil yillik” umummilliy tadbiri doirasida boshlangan ko‘kalamzorlashtirish ishlarida faol bo‘lishimiz zarurligi qayd etilgan. Mahallamizda, ko‘chalarimizda bir tupdan ko‘chat o‘tqazsak, butun mamlakatimiz obod bo‘lib, bog‘u bo‘stonga aylanishi eslatilgan. Bu ulug‘vor ishlarnining savobi naqadar ulug‘ ekanligi oyati karima va hadisi shariflar bilan qo‘llab-quvvatlangan. 

Umummiliy loyihada ishtirok etish har tomonlama savobli amaldir. Zero, Rabbimiz “Ey, imon keltirganlar! Ruku’ qilingiz, sajda qilingiz va

Rabbingizga ibodat qilib ezgu ish qilingiz – shoyadki, najot topsangiz!” (Haj surasi, 77-oyat) deya, ezgulikning intihosi najot ekanligini eslatgan. Payg‘ambar alayhissalom esa "Kimga yaxshilik qilish eshigi ochilsa, foydalanib qolsin, zero, uning qachon yopilishini bilmaydi", dedilar. Bu yaxshilikni qo‘lga kiritishga shoshilaylik, aziz yurtdoshlar.  

Zayniddin ESHONQULOV, 

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi 

Samarqand viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi O‘zA.