Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Kim Vatanga sodiq bo‘lsa, mendirman o‘sha!"
19:19 / 2021-01-12

Poytaxtimizdagi "Xalqlar do‘stligi" saroyiga tutash maydonda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan "Kim Vatanga sodiq bo‘lsa, mendirman o‘sha!" mavzuida harbiy-vatanparvarlik festivali o‘tkazildi.

Shu munosabat bilan mazkur maydon yanada o‘zgacha ko‘rk, salobat kasb etgan. Bu yerda zamonaviy harbiy texnika vositalari tadbir ishtirokchilari e’tiboriga havola etilgan.

... Muazzam maydon uzra maktab o‘quvchilari harbiylarga, ularning texnik jihozlari, avtomashinalariga hayrat va havas bilan qaraydi. Festivalga keng jamoatchilik, ijodkor ziyolilar, talaba va o‘quvchilar, ota-onalar taklif etilgan.

Maydon uzra yurtimiz bayrog‘i mag‘rur hilpiraydi. O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi yangraydi.

Mamlakatimizda milliy Armiyani davr talabiga monand isloh etish, tinchligimiz, osoyishtaligimiz posbonlari bo‘lgan harbiylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

[gallery-756]

– Davlatimiz rahbari, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizda harbiy-vatanparvarlikka oid tadbirlar, festivallar juda yuqori, ko‘tarinki ruhda o‘tkazilmoqda, – dedi O‘zbekiston xalq artisti Mirzabek Azizov. – Bu kabi festivallar yoshlarni yurt taqdiriga daxldorlik, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi. Aslida biz tinch va osoyishta hayotimiz uchun harbiylarga doim ta’zimdamiz.

– Oilamizda harbiylar bo‘lmasa-da, bu sohaga bolalikdan juda qiziqaman, – dedi Harbiy havo kuchlari mutaxassisi Ilyos Obloqulov. – Yigit kishiga o‘z Vatanini, xalqini himoyalash sharafli burchdir. Ota-onam ham garchi oddiy ishchi bo‘lishsa-da, harbiy soha vakillariga havas bilan qaraydi. Men harbiylikdan boshqa sohani tasavvur ham qilolmayman.

Ko‘tarinki ruhda tashkil etilgan festivalda harbiy texnika va qurol-aslahalar, moddiy ta’minot bo‘limlarining imkoniyatlari namoyishi, harbiy jamoalarning badiiy, musiqali dasturi, saf tayyorgarligi, qo‘l jangi bo‘yicha chiqishlari, kinologlarning maxsus ko‘rgazmali namoyishi tadbir ishtirokchilari e’tiboriga havola etildi.

Vatan, istiqlol, bunyodkor xalqimiz, mard o‘g‘lonlar madh etilgan qo‘shiqlar festivalga yanada zavq, jo‘shqinlik bag‘ishladi.

Harbiy-vatanparvarlik festivali barchaga manzur bo‘ldi.

Nazokat Usmonova, O‘zA