Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kim taxmin bilan, kim esa bilimiga ishonib imtihonda: test sinovlari boshlandi...
09:57 / 2022-08-08

8 avgust kuni mamlakatimizda oliy ta’limning bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha dastlabki test sinovlari boshlandi.

Bu yilgi test sinovlari ob-havo sharoiti hamda sanitariya talablarini inobatga olgan holda asosan xiyobon va stadionlar, ochiq joylarda erta tongdan tashkil etildi.

...Toshkent, Botanika bog‘i. Tongi soat oltidanoq abituriyentlar o‘zlari uchun belgilangan joylarni tartib bilan egallay boshladilar. Soat 7:00da test imtihonlariga start berildi.

Poytaxtning so‘lim va salqin ushbu maskanida abituriyentlar test sinovlarini bemalol topshirishi uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan.

– Bog‘ hududi to‘rtta sektorga bo‘lingan holda test sinovlari uchun tayyorlandi, – dedi O‘zbekiston Respublikasida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bosh mutaxassisi Jamshid Odilov. – Bunda oliy o‘quv yurtiga kirish istagidagi yoshlar bir smenada ushbu hududda 96 ta guruhga bo‘lingan holda, jami 2880 nafar abituriyent imtihon topshirdi.

Toshkent shahri bo‘yicha esa bir smenada 8430 nafar abituriyent, respublika miqyosida esa 48 ming 420 nafar abituriyent test sinovlarini topshirdi.

Bog‘ hududida test topshirish jarayonini kuzatish uchun zarur kuzatuv kamera va boshqa texnika vositalari bilan ta’minlanganiga guvoh bo‘lish mumkin.

Aytish joizki, keyingi yillarda yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrovi ko‘rsatkichi tobora ortmoqda. Iqtisodiyot talablaridan kelib chiqqan holda yangi-yangi oliy o‘quv yurtlari, xorijdagi universitetlarining mamlakatimizdagi filiallari tashkil etilmoqda. Bu esa yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrashda asosiy omil sanaladi. Shuningdek,  oliy ta’limning kunduzgi yo‘nalishi bilan birga kechki, sirtqi, masofaviy shakllarining joriy etilgani yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan, deyish mumkin.

...Imtihon jarayonlari boshlanganiga bir soat ham bo‘lmasdan ko‘plab abituriyentlar testni ishlab chiqib kelayotganiga guvoh bo‘ldik. Qarangki, ayrim yoshlar imtihon savollariga javoblarni taxminan, tavakkaliga belgilaganlarini yashirmadilar. Har kim bilimiga, tayyorgarlik darajasiga yarasha test topshiriqlarini ishlagani imtihonlarga ayrimlarining ortiqcha tayyorgarlik ko‘rmaganini anglatadi.

Test topshiriqlarini tezkorlik bilan ishlashga intilgan yoshlardan biri Sevara Akromova o‘tgan yili Jizzaxdagi pedagogika yo‘nalishidagi oliygohga hujjat topshirib, omadini sinab ko‘rgan ekan.

– Bu yil Toshkent davlat pedagogika universitetiga hujjat topshirdim, – dedi Sevara Akromova. – Rosti savollarga tavakkal qilib javob belgiladim. Ehtimol, omadim kelar...

Rustamjon Tursunov esa poytaxtdagi 185-umumta’lim maktabini tamomlab, Toshkent kimyo texnologiyalari institutiga hujjat topshirgan ekan.

– Boshqalarni bilmadimu, lekin men imtihonga imkon qadar puxta tayyorlandim, – dedi Rustamjon. – Barcha savollarni yaxshilab o‘ylab, topshiriqlarni to‘liq ishlashimiz uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Har holda aksariyat savollarga to‘g‘ri javob berdim, deb o‘ylayman.

Toshkent arxitektura qurilish institutiga hujjat topshirgan Jon Mamedov poytaxtdagi 221-maktabni tamomlagan.

– Testga barcha qoidalarga qat’iy amal qilgan holda kirdik, – dedi J.Mamedov. – Oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirish on-layn shaklda yo‘lga qo‘yilgani, o‘qishga kirish istagidagi bo‘lganlar uchun beshta oliy o‘quv yurtini tanlash imkoni berilgani yoshlar uchun yaratilgan qulaylikdir.

Barcha joylarda bo‘lgani kabi Botanika bog‘iga tutash hududda ota-onalar uchun ham yetarlicha sharoit yaratilgan.

– Qizim Barno Hoshimova test topshirishga kirdi, – dedi Sirdaryo viloyati Xovos tumanidan kelgan Karomat Azimova. – Har holda, bir necha yillar avvalgidan farqli ravishda farzandlarimizning o‘z kuchi, bilimi bilan oliy o‘quv yurtiga kirishiga ko‘proq ishonamiz.

Bugun poytaxtimizdagi «G‘alaba bog‘i» yodgorlik majmuasi, «Paxtakor», «Bunyodkor» stadionlarida ham abituriyentlar oliy o‘quv yurtining bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha test sinovlarini topshirdilar.

Ma’lumotlarga ko‘ra,  1 million 146 ming 744 abituriyentdan hujjat kelib tushgan.


Nazokat Usmonova,

O‘zA