Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kim soliqchi bo‘la oladi?
15:54 / 2021-06-25

Xorazm viloyati davlat soliq boshqarmasida «ochiq eshiklar kuni» o‘tkazildi. Unga viloyat va mamlakatimizning turli oliygohlarida tahsil olayotgan talabalar taklif etildi.

«Ochiq eshiklar kuni» tadbiri davlat soliq xizmati organlari xodimlari oldiga qo‘yilgan vazifalar, ularga yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etildi. Mazkur tadbirda talabalarga davlat soliq xizmati idoralari xodimlari uchun yaratilgan sharoitlar, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Soliq tushumlarining davlatimiz iqtisodiy taraqqiyotidagi o‘rni juda katta. Tadbirda soliq organlari soliq to‘lovchilarning biznes-hamkori va maslahatchisi, ularga servis xizmatlari ko‘rsatuvchi davlat organiga aylangani ta’kidlandi. Talabalarga boshqarmadagi bo‘limlar faoliyati, soliq tizimida ishlatilayotgan turli dasturlar, inspektorlarga yuklatilgan vazifalar yuzasidan zarur axborotlar, tushuntirishlar berildi. Shuningdek, yoshlar kelajakda yetuk kadr bo‘lish uchun qaysi jihatlarga ko‘proq e’tibor berish kerakligi bo‘yicha zarur masalaxatlar oldi.

– Joriy yildan davlat soliq xizmati organlariga ishga qabul qilish faqat Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi (https://vacancy.argos.uz/) portali orqali ochiq mustaqil tanlov asosida amalga oshirilmoqda, – deydi Xorazm viloyat davlat soliq boshqarmasi xodimi Murodjon Karimov. – Bu – soliq xizmati organlari tizimida korrupsiyaning oldini olish, malakali kadrlarning raqobatbardosh zaxirasini shakllantirish va bo‘sh ish o‘rinlarini o‘z vaqtida to‘ldirib borishning mutlaqo shaffof tizimidir. Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali orqali saralangan nomzodlar meritokratik, shaffoflik va xolislik prinsipi asosida sinovdan o‘tkazilmoqda.

Tadbir ishtirokchilari bugungi kunda davlat soliq xizmati organlari xodimlarining «Soliqchi – tadbirkorga ko‘makchi» tamoyili asosida olib borayotgan faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

«Ochiq eshiklar kuni» doirasida talabalarga soliq tizimida korrupsiyaning oldini olish, korrupsiyaga qarshi kurash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumotlar berildi.

 

Ahmadjon Shokirov, O‘zA