O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining joriy yilning 18 dekabrida o‘tkazilgan yalpi majlisida sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan bir qator kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunlar ma’qullandi.
Jumladan, jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun ham ma’qullandi.
Mazkur qonun ma’qullanganidan keyin jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar tomonidan turli xil e’tirozlar bildirildi. Ushbu e’tirozlarning eng asosiysi, jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarorlari ustidan taraflar tomonidan apellyatsiya tartibida shikoyatlar berish va prokurorlar tomonidan protestlar bildirish muddati 10 sutkadan 20 sutkaga uzaytirilib, agar ushbu muddat mobaynida uzrli deb topilmagan sabablar oqibatida shikoyat berilmagan va protest bildirilmagan taqdirda taraflarda shikoyat berish huquqining yo‘qolishi bilan bog‘liqdir.
Qadimdan huquqshunoslikda «huquq, qonun hushyor, ogoh, g‘ayratli odamlar uchun yoziladi, g‘aflatda qolganlar uchun emas. Kim huquqlaridan foydalanmasa, ko‘rgan zarari uchun o‘zi aybdor», degan qarashlar mavjud.
Shunday ekan, Konstitutsiyamiz va qonunlarimizda kafolatlangan huquqlardan har birimiz o‘z o‘rnida foydalana olsak, hamisha, har yerda huquqlarimiz ta’minlanishiga erishamiz.
Yaxshiroq e’tibor berilsa, Senat tomonidan ma’qullangan qonunlarga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar biron-bir shaxsning huquqlari va erkinliklarini cheklamaydi, balki shaxsga o‘z huquqlarini amalga oshirishda ko‘proq imkoniyatlar beradi.
Jumladan, hozirda amalda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 416 va 417-moddalariga ko‘ra, sudlanuvchini yangi ayblov bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortish uchun asoslar aniqlanganda yoki jinoiy javobgarlikka tortilmagan shaxs tomonidan jinoyat sodir etilganligini ko‘rsatuvchi holatlar aniqlanganda sudga iltimosnoma berish huquqiga faqatgina prokuror, jabrlanuvchi ega edi. Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra endilikda bunday huquqqa sudlanuvchi, uning himoyachisi, qonuniy vakili ham ega bo‘ldi. Bu esa jinoyat-protsessual qonunchiligining asosiy prinsiplaridan biri bo‘lgan sudda ishlarni yuritishda tortishuvda taraflarning tengligi ta’minlanishiga katta turtki bo‘ladi.
Shuningdek, jinoyat ishlarini sudda ko‘rish jarayonini aks ettiruvchi eng muhim dalillardan biri hisoblangan sud majlisi bayonnomasi bilan u imzolanganidan keyin besh sutka ichida taraflar shu bayonnoma yuzasidan o‘z mulohazalarini berishga haqli edilar xolos. Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, endilikda taraflar bayonnomaning va sud majlisi audioyozuvining ko‘chirma nusxalarini o‘z hisobidan olish huquqiga ham ega bo‘ldilar. Bu taraflarga sud qarorlari ustidan o‘z vaqtida, asoslantirilgan shikoyatlar berish imkonini beradi.
Sud hukmi ustidan shikoyat bergan yoki protest bildirgan shaxs o‘z shikoyati yoki protestini qaytarib olishga haqliligi bo‘yicha tartib ham o‘zgartirilib, mahkumning himoyachisi, qonuniy vakili o‘z shikoyatini faqat mahkumning roziligi bilan chaqirib olishga haqli ekanligi belgilandi. Bu o‘zgartirish ushbu jarayonda himoyachining o‘z professional burchini bajarish mas’uliyatini yanada oshiradi hamda himoyachiga turli korrupsiyaga olib boruvchi ta’sirlar o‘tkazilib, uning mahkumning manfaatini ko‘zlab, asosli tarzda bergan shikoyatlarini o‘zi tomonidan asossiz qaytarib olishi holatlariga barham beradi.
Apellyatsiya instansiyasida ish yuritish jarayonida qamoqda yoki uy qamog‘ida saqlanayotgan va apellyatsiya shikoyatini (protestini) ko‘rib chiqishda hozir bo‘lish istagini bildirgan mahkumga sud majlisida bevosita yoki videokonferensaloqa tizimidan foydalanish orqali ishtirok etish huquqi ta’minlanmoqda. Endilikda, mahkum bevosita yoki videokonferensaloqa tizimi orqali apellyatsiya instansiyasiga o‘z fikrlarini, e’tirozlarini va asosli vajlarini bildirishi mumkin.
Apellyatsiya instansiyasi sudida jinoyat ishini ko‘rish tartibi ham takomillashtirilmoqda. Xususan, endilikda apellyatsiya instansiyasi sudi apellyatsiya shikoyati, protesti bergan tarafning va boshqa tarafning e’tirozlarini bevosita sud majlisida eshitishi shart. Amaldagi tartibga ko‘ra, sudyalardan biri o‘z ma’ruzasida shikoyat yoki protestning vajlari hamda ularga qarshi bildirilgan e’tirozlarning mohiyatini bayon qilish bilan chegaralanishi mumkin edi. Bu esa taraflarga o‘z e’tirozlarini sudga erkin tarzda bevosita bayon etish imkonini bermoqda.
Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, birinchi instansiya sudi tomonidan tekshirilmagan dalillar (yangi dalillar) apellyatsiya instansiyasi sudi tomonidan qabul qilinishi shartligi, ,bunda ularni tekshirish to‘g‘risida iltimosnoma bergan shaxs o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra bu dalillarni birinchi instansiya sudiga taqdim etishga imkoniyati bo‘lmaganligini asoslab berishi kerakligi belgilanmoqda.
Apellyatsiya instansiyasi sudi dalillarni videokonferensaloqa tizimlaridan foydalangan holda ham tekshirishga haqli ekanligi ko‘rsatilmoqda.
Shuningdek, apellyatsiya instansiyasi sudi qaror qabul qilish chog‘ida birinchi instansiya sudi tomonidan tekshirilgan dalillarni ham, apellyatsiya instansiyasi sudiga taraflar tomonidan taqdim etilgan yoki u tomonidan talab qilib olingan va tekshirib chiqilgan yangi dalillarni ham e’tiborga olishi;
Agar birinchi instansiya sudi tomonidan sud tergovining to‘liq emasligiga yoki bir yoqlamaliligiga yoxud protsessual buzilishlarga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, apellyatsiya instansiyasi sudi to‘liq yoki qisman sud tergovini o‘tkazish yo‘li bilan bo‘shliqlarning o‘rnini to‘ldirish, protsessual buzilishlarni bartaraf etish choralarini ko‘rishi belgilanmoqda.
Yangi ochilgan holatlar munosabati bilan ish yuritishni qaytadan boshlash uchun asoslardan biri, hozirda amalda bo‘lgan Qonunga ko‘ra, hukm yohud ajrim (qaror) chiqarish chog‘ida sudga ma’lum bo‘lmagan, o‘z holicha yoki ilgari aniqlangan holatlar bilan birgalikda mahkumning aybsizligidan yoxud u hukm etilganiga nisbatan og‘irlik darajasi bo‘yicha boshqa jinoyat sodir etganligidan yoxud oqlangan yoki ishi tugatilgan shaxsning aybdorligidan dalolat beradigan boshqa holatlar sifatida belgilangan bo‘lsa, endilikda bu asos o‘z holicha yoki ilgari aniqlangan holatlar bilan birgalikda mahkumning aybsizligidan yoxud u hukm etilganiga nisbatan og‘irligi darajasi bo‘yicha boshqa jinoyat sodir etganligidan yoxud oqlangan shaxsning yoki o‘ziga nisbatan ish tugatilgan shaxsning aybdorligidan dalolat beradigan boshqa holatlar sifatida belgilanmoqda. Shuningdek, amaldagi tartibga ko‘ra, yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qo‘zg‘atish huquqiga faqat prokuror ega bo‘lgan bo‘lsa, endilikda mahkum, oqlangan shaxs, ularning himoyachilari va qonuniy vakillari, jabrlanuvchi hamda uning vakili kassatsiya instansiyasi sudiga yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida iltimosnoma berishga haqli ekanligi belgilanmoqda.
Aynan mana shu o‘zgartirish bildirilayotgan e’tirozlarga javoban jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarorlari ustidan taraflarga agar ular uzrli deb topilmagan sabablar oqibatida shikoyat bermagan taqdirda o‘z buzilgan huquqlarini tiklashni so‘rab bevosita kassatsiya instansiyasi sudiga murojaat qilish imkonini beradi.
Mamlakatimizda olib borilayotgan sud-huquq islohotlaridan ko‘zlangan maqsad, avvalo, qonun ustuvorligini ta’minlash, shaxs va korxona, tashkilot yoki muassasalarning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini to‘la ro‘yobga chiqarishdan iborat ekan. Qonun chiqaruvchi organ - Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan va Senat tomonidan ma’qullangan qonunlar biron-bir shaxsning huquqlarini asossiz cheklash maqsadini ko‘zlamaydi.
Shu bilan birga, qonunlar shiddat bilan rivojlanib borayotgan hozirgi jarayonlardan ham orta qolmasligi, qonun talablari o‘z vaqtida va tezkorlik bilan shaxs va korxona, tashkilot yoki muassasalarning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilishi zarur. Buning uchun har bir qabul qilingan Qonunning mazmun-mohiyatini har bir shaxs to‘la va to‘g‘ri anglab yetishi, uning mazmunini o‘zgacha yoki buzib talqin qilishga haqli emas.
Azamat Habibullayev,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshloq tuman sudi raisi