Ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i shahar prokurorining noqonuniy talablarini bajarishni rad etgani haqidagi video tarqaldi.
Bosh prokuratura ushbu holat bo‘yicha munosabat bildirib, rasmiy ma’lumot taqdim etdi.
Aniqlanishicha, fuqaro B.X. tegishli hujjatlarsiz, o‘zboshimchalik bilan Qashqadaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga kirish darvozasi yonida savdo do‘koni qurib olgan. Savdo do‘koni tez tibbiy yordam mashinalarining shifoxona hududiga kirib-chiqishiga to‘sqinlik qilgani va fuqarolarning e’tirozlariga sabab bo‘layotgani uchun u noqonuniy qurilmani ixtiyoriy buzish to‘g‘risida bir necha marta ogohlantirilgan va ma’muriy javobgarlikka ham tortilgan. Shunga qaramay noqonuniy qurilishni bartaraf etish choralari ko‘rilmagan.
Mazkur holat Qarshi shahar prokurori tomonidan nazoratga olingan. Shu yil 13 aprel kuni Qarshi shahar IIO FMB huzuridagi 4-sonli IIB boshlig‘i mutasaddi idoralar bilan birgalikda B.X.ga noqonuniy qurilmani ixtiyoriy bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma berish uchun borgan.
Shu vaqtda B.X.ning turmush o‘rtog‘i mas’ul xodimlarga faol qarshilik ko‘rsatib, ularni xizmat vazifalarini bajarishdan voz kechishiga majburlash maqsadida savdo do‘konini buzmasligini bildirib, kiyimlariga benzin sepib, o‘zini-o‘zi yoqish bilan qo‘rqitgan.
IIB boshlig‘i o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarishdan bo‘yin tovlab, fuqaroga noqonuniy qurilmani ixtiyoriy bartaraf etish haqidagi dalolatnomani topshirish choralarini ko‘rmasdan, soxta obro‘ orttirish maqsadida shahar prokurorining o‘z xizmat vazifalarini lozim darajada bajarish haqidagi talabiga nisbatan go‘yoki prokuror fuqaro manfaatlariga zid harakat qilayotgani haqida asossiz vajlar keltirish orqali e’tiroz bildirgan.
Ma’lumot o‘rnida, B.X. tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurilgan noqonuniy bino ixtiyoriy bartaraf etilmagani sababli Kadastr agentligi Qarshi shahar bo‘limi tomonidan sudga kiritilgan da’vo arizasi fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudining 2023 yil 5 maydagi hal qiluv qarori bilan qanoatlantirilgan. Javobgarga noqonuniy qurilmani majburiy tartibda buzdirish va yer maydonini foydalanishga yaroqli holatga keltirish majburiyati yuklatilgan.
O‘zA