English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kikshering xizmati Toshkent aholisi uchun qanchalik zarur?
21:02 / 2023-04-12

Poytaxtimiz va hududlar markazlari aholisi elektr samokatlardan foydalanishni avvalroq boshlagan edi. Ulardan transport vositasi sifatida foydalanish Yevropa va boshqa davlatlarda ancha urf bo‘lgan. Hatto ayrim davlatlarda bu bo‘yicha cheklovlar ham qo‘yilgan. Cheklovlar esa avtohalokatlar va insonlar o‘limi bilan bog‘liqdir.

Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, samokat (skuter) tik turgan holda harakatlanish uchun mo‘ljallangan ikki g‘ildirakli transport vositasi hisoblanadi. So‘nggi paytlarda elektroskuterlar keng tarqalgan bo‘lib, ular nafaqat shaxsiy transport sifatida, balki dam olish, sport va jismoniy tarbiya uchun ham qo‘llanilmoqda.

Bu esa ko‘pgina davlatlarda kikshering xizmatining paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi.

Xo‘sh, kikshering xizmatining qanday afzalliklari bor? Kamchiliklari nimalardan iborat?  Bu xizmat turi mamlakatimizda qachon yo‘lga qo‘yildi?

Ushbu savollarga javob olish maqsadida  Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi Abdusattor Abdumo‘minovga yuzlandik.

–Aytish kerakki, elektrsamokatlardan foydalanish kishilarga zavq keltirish bilan bir qatorda, tartibsiz foydalangan holda salbiy oqibatlarga ham sabab bo‘lishi mumkin,  – dedi A. Abdumo‘minov.  – Shu bois aholi orasida mazkur ekologik va qulay transport turiga nisbatan salbiy taassurot uyg‘onishini oldini olish maqsadida O‘zbekistonda kikshering xizmatining afzallik va kamchiliklarini o‘rganib chiqdik. Bunda biz xalqaro tajribaga ham keng urg‘u berdik. Chunki elektr samokatlardan harakatlanish vositasi sifatida foydalanish ko‘pgina rivojlangan davlatlarda ancha oldin odatga aylanib ulgurgan edi.

Ma’lumki, kikshering (inglizcha "kick" - "oyoq bilan tepish" va "sharing" - "birgalikda foydalanish")  – bu elektr samokatlarni qisqa muddatga ijaraga olish xizmatidir.  

Bizda ham bu xizmat turi ilk marotaba poytaxtimiz Toshkentda 2022 yilning aprel oyida yo‘lga qo‘yildi va qisqa vaqt ichida ommalashdi.  

Biroq mazkur transport vositalarining betartib harakatlanishi piyodalar, velosipedchilar va avtomashinalar uchun qator muammolarni yuzaga keltirmoqda.  

Shu sababli, kikshering xizmat turining afzalliklariga va kamchiliklariga e’tibor qaratsak. Ilmiy tahlil bilan aytganda, mazkur transport vositasi  qisqa vaqt ichida A nuqtadan B nuqtaga yetib borish uchun o‘ta qulay. Avtomobilga nisbatan narx afzalligiga ega hamda boshqa transport turlariga muqobil vosita bo‘lganligi sababli tirbandlikni kamaytiradi. Bundan tashqari, u foydalanish jarayonida atrof muhitga zararli gazlar ajratib chiqarmaydi va ekologik transport hisoblanadi.

Kamchiliklarga to‘xtalsak, samokatlarning avtomobil yo‘lidagi betartib harakati haydovchilarda stressni keltirib chiqaradi. Piyodalar yo‘lagida kimo‘zarga o‘ynash qariyalar, bolalar va nogironlar uchun xavf tug‘diradi. Qurilmadan bir vaqtda bir necha kishi foydalanishi,  elektr samokatlarni yo‘llarda betartib qoldirib ketilishi piyoda va avtomobillar harakatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bilan birga, elektr samokatlarni voyaga yetmaganlar va mast holdagi kishilar tomonidan ijaraga olish holatlari ham uchraydi.  

Ta’kidlaganimdek, mazkur sohadagi kelajak istiqbollarini baholash uchun rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rgandik va elektr samokatlar bilan bog‘liq noxush hodisalar statistikasi tahlil qilindi. Jumladan, Italiyada so‘nggi ikki yil ichida elektr samokatlar ishtirokida ro‘y bergan yo‘l transport hodisalari (YTH) oqibatida 17 kishi vafot etgan. Fransiyada 2022 yilda elektr samokatlar 27 kishining hayotiga zomin bo‘lgan. Xususan, Parijda 3 kishi hayotdan ko‘z yumgan va 459 kishi jarohatlangan. Buyuk Britaniyada 2021 yil 10 nafar foydalanuvchi to‘qnashuv oqibatida olamdan o‘tgan, 331 nafari og‘ir jarohat olgan. Germaniyada 2022 yilda elektr samokatlar ishtirokida jami 442 ta baxtsiz hodisa ro‘y bergan. Shu bois xorijiy mamlakatlarning hukumatlari qurilmalardan foydalanishni tartibga solishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlarni qo‘llagan.

Shuningdek, joriy yilning aprel oyida Parijda o‘tkazilgan referendumda ishtirok etganlarning 90 foizi ushbu transport vositalarini ta’qiqlash tarafdori ekanligini bildirgan. 2022 yilda Xelsinkida dam olish kunlari yarim tundan keyin ele yarim tundan keyin elektr samokatlarni ijaraga olish ta’qiqlandi. Yaponiyada elektr samokatda davlat raqami va yon oynalari bo‘lishi kerak hamda ularning piyodalar yo‘lagida harakatlanishi  ta’qiqlangan. Buyuk Britaniyada elektr samokatdan foydalanuvchida Q toifali haydovchilik guvohnomasi bo‘lishi darkor. Daniya, Ispaniya va Norvegiyada maxsus dubulg‘a kiyish 2022 yildan boshlab minimal texnik standart sifatida joriy qilingan. Rossiyada 2023 yildan elektr samokatlardan foydalanuvchilarning yuk va boshqa yo‘lovchilarni tashishi ta’qiqlandi.  

O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: mamlakatimizda samokatlardan foydalanishda qanday huquqiy me’yorlar ishlab chiqilgan? Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonda amaldagi yo‘l harakati qoidalariga “elektr samokat” tushunchasi kiritilmagan.  

Mazkur qurilmalarni qulay shahar transporti sifatida rivojlantirish uchun qonunchilikni takomillashtirish va ulardan foydalanishni tartibga solish maqsadga muvofiq. Xususan, qonun hujjatlariga “elektr samokat” tushunchasini kiritish va ulardan foydalanishning tartibini belgilash, piyodalar serqatnov hududlarda tezlikni avtomatik pasaytirish texnologiyasini qo‘llash, qurilmadan bir vaqtning o‘zida ikki kishining foydalanishi, shuningdek, mast holatda boshqarishning oldini olish mexanizmini ishlab chiqish, qurilmalardan foydalanishda yosh chegarasini joriy etish (Face-ID texnologiyasidan foydalanish),  elektr samokatlarni tunda ijaraga olishni cheklash, elektr samokatlar turadigan maxsus joylarni tashkil etishni yo‘l harakati qoidalari sifatida kiritish juda zarurdir.

Xulosa shuki, mazkur chora-tadbirlar elektr samokatlardan foydalanishda xavfsizlikni oshirish, noxush hodisalar sodir bo‘lishi hamda aholi o‘rtasida ushbu ekologik va qulay transport turiga nisbatan salbiy fikr uyg‘onishining oldini olishga xizmat qiladi.

O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA yozib oldi