French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kiiyha Grey: “O‘zbek ayollari mumtoz she’riyati haqida ilmiy tadqiqotlar kam”
18:52 / 2021-06-14

Suhbat

Xorijliklarning ona tilimizda so‘zlashishga harakat qilishini kuzatsak, ko‘zimiz quvonadi, dilimiz yayraydi. Shunday emasmi? Bu o‘zbek tilining jahondagi mavqei yuksalib borayotganidan dalolatdir. Qirg‘iziston Respublikasining Bishkek shahrida joylashgan Markaziy Osiyodagi Amerika universiteti (American University of Central Asia) magistranti Kiiyha Greyning ona tilimizni o‘rganib, o‘zbek ayollari mumtoz she’riyati to‘g‘risida ilmiy ish yozayotgani, ularning ijodidan tarjimalar qilayotgani ham bunga yorqin bir misol bo‘la oladi. Biz qahramonimizning o‘zbek tiliga bo‘lgan qiziqishi, o‘zbek adabiyoti haqidagi fikr-mulohazalarini e’tiboringizga havola etamiz.

Grey xonim, sizning o‘zbek tili va adabiyotiga bo‘lgan qiziqishingiz bizni xursand qildi. Turkiy tillar orasidan aynan o‘zbek tilini o‘rganishingizga nima sabab bo‘lgan?

Karantin davri garchi biroz tahlikali kechgan bo‘lsa-da, ko‘pchilik insonlar uchun ijodiy, ilmiy faoliyatini rivojlantirishga yaxshi imkoniyat ham taqdim etdi. Men ham mana shu davrda, ya’ni 2020 yil iyun oyida Amerikadagi Viskonsin-Medison universitetida o‘zbek tilini o‘rganishni boshladim. O‘zbek tilini o‘rganish uchun shu tilda so‘zlashadigan do‘stlar bilan tanishishga, so‘zlashishga harakat qildim. To‘g‘risini aytsam, o‘zim ummon ortida tug‘ilib o‘sganim bois men uchun butunlay yangi til bo‘lgan o‘zbek tilini o‘rganish qiyin bo‘ldi. Qolaversa, til o‘rganishga kirishgunimga qadar O‘zbekiston haqida ko‘p narsa bilmas edim ham. Lekin o‘zbek tilini o‘rgatgan o‘qituvchim Madina Jo‘rayeva meni chin ma’noda ilhomlantirdi.

Ishonasizmi, o‘qituvchimga havas qilib, o‘zim ham o‘zbek tilini sevib qoldim va uni o‘rganishga astoydil kirishdim. Boshlanishida men biroz qiynaldim, lekin bir necha haftadan so‘ng qiyinchilikni sezmay qo‘ydim. Bu orada nimalar qildim, bilasizmi, ko‘plab o‘zbek filmlarini tomosha qildim, o‘zbek xalq og‘zaki ijodidan ertaklar o‘qidim. Keyin adabiyotga qiziqib qoldim va badiiy adabiyotni jiddiyroq o‘rganishga kirishdim.

O‘zbek tilini o‘rganishingizdan avval O‘zbekistonda bo‘lganmisiz yoki shu xalq tili, adabiyoti haqida eshitganmisiz?

Ilgari faqat Alisher Navoiy haqida eshitgan va uning tarjima qilingan she’rlarini o‘qigan edim. Ayol shoirlari haqida esa butunlay bilmas edim. Dissertatsiya yozish mobaynida bildimki, o‘zbek ayollari mumtoz she’riyati haqida ilmiy ishlar kam ekan. O‘zbek tilini o‘rganganimdan so‘ng Uvaysiy, Nodira, Zulfiya va boshqa shoiralarning asarlarini o‘zim uchun kashf etganimda juda xursand bo‘ldim. Men yozuvchi ayollarga qiziqib qoldim va ularning asarlarini ingliz tilidagi tarjimalarida o‘qishni xohladim, ammo xorij tilida topishga imkon bo‘lmadi. Shunda o‘zim ularning she’rlarini o‘girishni niyat qildim. Nasib etsa kelajakda ushbu tarjimalarni nashr etib, dunyo kitobxonlariga taqdim etaman.

O‘zbekistonning juda boy va chiroyli tarixi bor. Ammo afsuski, men hali O‘zbekistonda bo‘lmaganman... Bir kun o‘zbek xalqi bilan o‘zbek tilida gaplashishni, darslarimda va adabiyotlarda men eshitgan va o‘qigan barcha tarixiy qadamjolarni ko‘rishni xohlar edim. Shu yil avgust oyida yurtingizga borishni niyat qilganman.

Bilishimizcha, siz hozirda o‘zbek shoiralari ijodi to‘g‘risida magistrlik dissertatsiyasi yozmoqdasiz. O‘zbek adabiyotining qanday jihatlari e’tiboringizni tortdi?

Ha, mening ilmiy ishim XIX asr Qo‘qon xonligidagi O‘zbekiston shoir ayollari haqida. Uvaysiy, Nodira va Anbar otinlar, shu jumladan, ayollar ta’lim olish qiyin kechgan, ijtimoiy hayotning ba’zi jihatlaridan chetda qolgan bir davrda shoirlar qanday qilib go‘zal g‘azallar yozganliklari meni qiziqtiradi. Meni ko‘proq otin yo‘nalishi e’tiborimni tortdi. Ayollar g‘azal yozishni hamda ijro qilishni adabiy otinlardan o‘rganishgan va bir-birlariga o‘rgatishgan.

Loyihamning maqsadi bu ayollar otin tarmoqlari orqali qanday qilib til va she’riyat bo‘yicha ta’lim olganliklarini va bu ayollar qanday qilib patriarxal jamiyatda chiroyli g‘azallar yozishganini ochib berishdir. Ushbu tadqiqotim Cho‘lponning “Kecha va kunduz” romanini ingliz tiliga tarjima qilgan ustozlarim Kristofer Beyker va Kristofer Fort tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani meni yanada ruhlantiradi.

O‘zbek tilida erkin so‘zlasha olasiz bugungi kunda. Til o‘rganish jarayonida qanday qiyinchiliklarga uchradingiz?

Amerika Qo‘shma Shtatlarida o‘zbek tilini o‘rganish qiyin edi, chunki bu yerda suhbatlashadigan odamlarni uchratish qiyin. Baxtimizga o‘zbek tilida o‘qish va tinglashda yordam beradigan ko‘plab filmlar, musiqa va veb-saytlar mavjud. Ammo o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar bilan o‘zbek tilida gaplashishni sog‘inaman. Shu sabab til ko‘nikmalarimni oshirish maqsadida O‘zbekistonga borishni niyat qilganman.

Xorijiy til o‘rganayotgan insonlarga qanday tavsiyalar berasiz?

Chet tilini o‘rganishda nafaqat yangi tilni o‘rganasiz, balki bir xalqning madaniyati, tarixi haqida ham bilim egallab borasiz. Xorijiy tilni o‘rganish sizga yangi do‘stlar orttirishingizga imkon beradi, dunyoqarashingizni kengaytiradi, ajoyib va qiziqarli sarguzashtlar olib keladi. Men sinagan barcha usullarni qo‘llash foydali, masalan, o‘rganilayotgan xorijiy tilda tarjimasi subtitrda berib boriladigan filmlar ko‘rish, badiiy kitoblar, ayniqsa, ertaklar o‘qish, o‘sha tildagi qo‘shiqlar tinglash va albatta kommunikatsiya. Shu tilda so‘zlasha oladigan odamlar bilan ko‘proq so‘zlashish kerak. Bu juda ham qiziqarli...

Yulduz O‘rmonova suhbatlashdi.

O‘zA.