O‘quvchi-yoshlarning yozgi ta’til davrida bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida mamlakatimizda "Dolzarb 90 kun" loyihasi doirasida bir qator sport tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning 28 – 29 iyun kunlari poytaxtimizdagi "Yangi O‘zbekiston" bog‘i hududida 6-15 yoshlilar o‘rtasida sportning akvatlon yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkaziladigan "Kids Aquathlon" hamda "Yangi liga" turniri ham ushbu sa’y-harakatlarga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.
Xo‘sh, akvatlon qanday sport turi? Aytish lozim, suzish va yugurishni o‘z ichiga olgan mazkur sport turi triatlon musobaqalarining bir bo‘g‘ini hisoblanadi. Ushbu yo‘nalishda yosh sportchilar turli masofalarda o‘z mahoratlarini oshirishi, kuchlarini sinab ko‘rishi mumkin bo‘ladi.

Sport vazirligida tegishli tashkilot va idora mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda mazkur musobaqalarni bayramona tashkil etish, ishtirokchilarning xavfsizligini ta’minlash kabi qator masalalar ko‘rib chiqildi.
Muhokamalar davomida sport vaziri o‘rinbosari Sh.Mahmudov musobaqalar o‘tadigan hududda jamoat xavfsizligini ta’minlash, yugurish yo‘laklari, suv havzasining gigiyenik talabga javob berishi, “tez yordam” guruhlarining ish tartibi, masofalarga belgilar o‘rnatish kabi qator masalalar yuzasidan mas’ullarga kerakli tavsiyalarni aytib o‘tdi.

Yig‘ilish doirasida “Oriental universiteti” hamda Sport vazirligi o‘rtasida sport klublari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, talaba-yoshlarni ommaviy sport mashg‘ulotlari bilan qamrab olish, sport infratuzilmasini yaxshilash, hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash to‘g‘risida memorandum imzolandi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA