Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kichkintoylar uchun bayram tuhfasi
09:18 / 2025-08-30

Bolalarni ilk yoshdan mehnatsevarlikka, kasblarga o‘rgatish ularning kelgusida hayot yo‘lini to‘g‘ri belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi. Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi 14-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida Xitoy Xalq Respublikasi tajribasi asosida “Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ilg‘or xorijiy tajribalar asosida zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarini joriy etish” mavzusida press-tur tashkil etildi.

Mazkur press-tur maktabgacha ta’limni rivojlantirishdagi zamonaviy yondashuvlar, innovatsion ta’lim texnologiyalari, bolalar huquqlarini himoya qilish,  kichkintoylarni har tomonlama rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari, o‘g‘il-qizlarning qiziqishlari, shaxsiy ehtiyojlari, qobiliyatini erta aniqlash va kasbga yo‘naltirish ishlarining tashkil etilishi va bu boradagi istiqbollarga bag‘ishlangani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Aytish kerakki, Chirchiqdagi 14-sonli davlat bolalar maktabgacha ta’lim tashkiloti kapital rekonstruksiya qilinib, mutlaqo yangicha qiyofa kasb etgani bilan diqqatga sazovordir.  

Ushbu maktabgacha ta’lim tashkilotida “Ilk qadam”  maktabgacha ta’lim muassasasining o‘quv dasturi bilan birgalikda Xitoy tajribasi asosida ta’lim-tarbiya jarayonlariida o‘yin usullaridan keng foydalanish, vatanparvarlik, jamoa bilan ishlash, bolalarning ijodiy qobiliyatini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

–  Bu yerda bolalarni kasb-hunarga yo‘naltirishga oid mashg‘ulotlar robototexnika, tikuvchilik, pazandalik, dizaynerlik va boshqa bir qator zamonaviy kasblarga o‘rgatish asosida olib boriladi, - dedi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bo‘lim boshlig‘i Gulbahor Parpiyeva.– Bu esa kelgusida bolalarning kasb tanlashida o‘ziga xos ahamiyat kasb etishi shubhasiz.  

–  Bog‘cha bundan qirq yillar avval barpo etilib, uzoq yillar faoliyat ko‘rsatmayotgan edi, – dedi 14-maktabgacha ta’lim tashkiloti mudirasi Kamola Tursunova.– Qaytadan bunyod etilgan 240 o‘rinli ushbu bog‘cha kichkintoylarimiz uchun o‘ziga xos sovg‘a bo‘ldi.  

Chirchiq shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Nodira Qurbonovaning aytishicha, shaharda  mazkur bog‘chadagi ilg‘or tajribani kelgusida boshqa maktabgacha ta’lim tashkilotlariga yoyish ko‘zda tutilmoqda.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda Chirchiq shahrida jami 61 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Ularning 30 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti,  15 tasi xususiy, 1 tasi davlat-xususiy sheriklik asosidagi bog‘cha, 15 ta oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotidir. Chirchiq shahrida 3-7 yoshli bolalar soni 9 ming 880 nafarni tashkil etib, ularning 8 ming 358 nafari maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamralgan. Bu bog‘chalarga qamrab olingan bolalarning 84,6 foizini tashkil etadi.  

Nazokat Usmonova,  

O‘zA muxbiri