Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kichik yerdan katta daromad (+video)
11:52 / 2024-03-02

Samarqand viloyati fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda hududdagi 631 mingdan ortiq aholi tomorqa yerlarining 69,6 ming gektarida ekin ekiladi.

O‘tgan yili 57,7 ming gektar yerda bahorgi, 34,8 ming gektarda takroriy hamda 29,4 ming gektar maydonda to‘qsonbosti usulida ekin yetishtirilgan. Viloyat aholisi o‘z tomorqasida asosan sabzavot, kartoshka, poliz va dukkakli ekinlar, shuningdek, noodatiy o‘simliklar ekadi.  

Viloyatda tomorqadan foydalanishda Samarqand tumani aholisining tajribasi katta. Bu yerda har bir qarich yerdan samarali foydalanib, yiliga ikki-uch marta hosil olayotgan tomorqachilar juda ko‘p.

Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tuman mas’ullarining ma’lum qilishicha, tumanda hozir 50 mingdan ortiq dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining 3 ming gektardan ziyod ekin maydoni mavjud. Ushbu yer maydonidan unumli foydalanib, ro‘zg‘orini obod qilayotgan fuqarolarning xonadonida qish faslida ham bahor nafasi ufurib turibdi.

Dashtiobod mahallasida yashovchi Ravshan Shamsiyevning 13 sotix tomorqasini ko‘rib bunga amin bo‘ldik. Ravshan aka tomorqasining asosiy qismida issiqxona tashkil qilib, ertagi sabzi,  limon, shuningdek, rayhon ko‘chati yetishtirmoqda. Xonadonning biror qarich yeri bo‘sh qolmagan. Shu bois, oilaning kam-u ko‘sti yo‘q, oiladagi barcha o‘qish va ishdan keyin issiqxonada ekinlar parvarishi bilan band.

Ushbu mahallada yashovchi Muhiddin bobo Shamsiyev esa gulchilik bilan shug‘ullanar ekan. Otaxon yoshligidan gul yetishtirishga mehr qo‘ygani bois, nafaqaga chiqqach tomorqa yerida issiqxona tashkil qilib, shu faoliyat bilan shug‘ullanmoqda.  

– O‘zim gulga qiziqqanim uchun ayolim ham, farzand-u nabiralar ham gul yetishtirishga mehr qo‘ygan, – deydi Muhiddin Shamsiyev. – Nafaqaga chiqqach bekor o‘tirmay deb, shu issiqxonani tashkil qildik. Bir necha yillardan beri gul yetishtirish bilan shug‘ullanamiz. Uch yildan beri alstromeriya gulini yetishtirib kelyapmiz. Bu gulning urug‘i bo‘lmaydi, ildiz poyasidan ko‘payadi. Bir marta ekilgandan so‘ng yaxshi parvarishlansa, uch yilgacha foydalansa bo‘ladi. Olti oy gullab, olti oy dam oladi. Suvni tejash, mineral o‘g‘itlardan samarali foydalanish maqsadida tomchilatib sug‘orishni yo‘lga qo‘yganman. Havoning sovuq kunlari issiqxonani ko‘mir, o‘tin yoqib isitamiz. Qolgan vaqtda termos usulida qilingan issiqxonaning harorati yetarli bo‘ladi. Yoz faslida maxsus setka tortib issiqdan himoya qilamiz. Issiqqa ham, sovuqqa ham chidamsiz gul bu. Ammo uzilgandan keyin suvga solib qo‘yilsa, uch oygacha o‘z tarovatini yo‘qotmaydi. Buning daromadi juda yuqori bo‘lmasa-da, qishin-yozin gullab kishiga ko‘tarinki kayfiyat beradi.

<iframe width="928" height="522" src="https://www.youtube.com/embed/HskiSP_C60M" title="Kichik yerdan katta daromad" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Tomorqa – oyoq ostidagi imkoniyat, deb bejiz aytishmaydi. Yerga mehr berib mehnat qilgan inson undan rizq topadi, ro‘zg‘orini obod qiladi. Dashtiobodliklar hayoti bunga yorqin misoldir.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (video),

O‘zA muxbirlari