Farmon va ijro
Prezidentimizning 2023 yil 21 dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan Toshkent viloyatida samarali ishlar tashkil etilmoqda. Mazkur hujjat bilan “Mahalla yettiligi” tizimi joriy etilib, ushbu yettilik tarkibiga kiruvchi davlat muassasalari xodimlarining vazifalari belgilandi.
Xususan, soliq inspektorlari tadbirkorlarga soliq xizmatlarini ko‘rsatish, soliq bazasini kengaytirish, soliqlarni undirish va mahalla byudjetining daromadini shakllantirishga mas’ul etildi. Hozirgi paytda Toshkent viloyatining 1 ming 25 ta mahallasiga soliq ma’murchiligini yuritish yuzasidan 482 nafar xodim biriktirilgan. Ular 23 ta yo‘nalish bo‘yicha aholiga ko‘mak beradi.
O‘rta Chirchiq tumanidagi Do‘stlik mahallasi soliq inspektori Zilola Shermatova o‘z hududida samarali faoliyat ko‘rsatib, har tomonlama namuna ko‘rsatmoqda. Hozir uning hududida 23 nafar aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchi yuridik shaxs, 617 nafar mol-mulk, 630 nafar yer solig‘i to‘lovchi jismoniy shaxs va 34 nafar yakka tartibdagi tadbirkor bor.
– Mening asosiy vazifam mahalladagi imkoniyatlarni ishga solib, soliq bazasini kengaytirish, tadbirkorlik faoliyatini qonuniylashtirish va o‘zini- o‘zi band qilganlarga kichik biznes toifasiga o‘tishga ko‘maklashishdan iborat, – deydi Z.Shermatova. – Har kuni mahallada tadbirkorlar safini oshirish va shu orqali soliq bazasini kengaytirishga harakat qilyapmiz. O‘tgan davrda ayrim fuqarolarning yashirin tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotganini aniqladim. Achinarlisi, soliq savodxonligi yetarli bo‘lmagani uchun ular noqonuniy faoliyatning oqibatlarini ham bilmaydi. Shu bois har biri bilan yuzma-yuz suhbatlashdim. Qonuniy ishlashning afzalliklari, huquqlari va manfaatlarini tushuntirganimdan keyin rasman tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tganlar ko‘paydi. Faoliyatini to‘xtatib qo‘yib, yashirin daromad topayotgan tadbirkorlar faoliyatini esa qayta tikladik.
Toshkent viloyati soliq boshqarmasi shu’ba boshlig‘i Shahzod Mahkamovning ta’kidlashicha, soliq xodimlarining faoliyati samaradorligini baholash uchun “Mahallalarda soliq organlari faoliyati” axborot tizimi ishlab chiqildi. Axborot tizimidagi ma’lumotlar onlayn ravishda har soatda yangilanadi. Shu asosda mahallaga biriktirilgan inspektorlarga kunlik vazifalarni belgilaydi va natijalarni avtomatik ravishda tahlil qiladi.
Bugungi kunda mahallalarning moliyaviy imkoniyatlarini oshirish, mahallalarda o‘zlarining ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish uchun “Mahalla byudjeti” tizimi joriy etilgan. Jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha undirilgan mablag‘larning 10 foizi “Mahalla byudjeti” jamg‘armasida qolmoqda. Viloyatdagi har bir mahallaning jamg‘armasi mablag‘larining joriy yil uchun prognozi faqat mol-mulk va yer solig‘idan undirilgan mablag‘larning 10 foizi bo‘yicha hisoblanganda 45 milliard 676 million so‘mni tashkil etdi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan boshlangan “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” tamoyili asosida Piskent tumanida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Suvti” mahalla fuqarolar yig‘ini obod va ko‘rkam manzillardan biriga aylandi. Mingtepa mahallasi aholisining 90 foizi uzumchilik bilan shug‘ullanadi. Bu yerdagi Uzumzor ko‘chasida esa bog‘dorchilik sohasi bo‘yicha juda katta tajribaga ega bo‘lgan mirishkor aholi yashaydi. Ular tomonidan uzumning eng xaridorgir va ertapishar navi bo‘lgan “Namangan” chillaki, “Rizamat ota”, “Husayni”, “Pobeda” va “Mers” navlari yetishtiriladi. Uzumchilikdan keladigan daromad o‘rtacha hisoblaganda 60-70 million so‘m atrofida bo‘ladi.
Shu tufayli bu kabi daromadli ishlar boshqa joylarda ham ommalashtirilyapti. Buning uchun birinchi galda mahallaning O‘rikzor ko‘chasidagi elektr uzatish simlari ta’mirlanib, xonadonlardagi eskirgan devorlar o‘rniga yangisi qurilib, ko‘cha va ariqlar tozalandi. Ko‘chatlar ekilib, yo‘llar sozlanmoqda.
– Mahalla ixtiyorida qoladigan mablag‘lar mahalla hududidagi ichki yo‘llar, piyodalar yo‘lakchalari, yoritish tizimi, elektr energiyasi hamda tabiiy gaz tarmoqlari kabi ko‘plab yo‘nalishlardagi tadbirlarga sarflanadi, – deydi O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Hoshimov. – Bundan tashqari, mahallalarda qog‘oz shaklidagi ma’lumotlarni qisqartirish, ular faoliyatini raqamlashtirish va axborot texnologiyalarini joriy etish maqsadida “Mahalla.ijro.uz” raqamli mahalla platformasi joriy qilingan. Bu orqali mahallalar balansi, mahalladagi xonadonlar, oilalar va aholi, mahalla hududida joylashgan ijtimoiy soha ob’ektlari va boshqa ma’lumotlar mazkur platformaga kiritib borilmoqda.
Umuman olganda, barcha mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash, huquqbuzarliklarning oldini olish borasida profliktik ishlar kuchaytirilib, ishsizlik bartaraf qilinmoqda.
A.Musayev, O‘zA muxbiri