Qashqadaryo viloyatida Davlat soliq qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev ishtirokida tadbirkorlik sub’ektlari vakillari bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Uchrashuv davomida soliq siyosatidagi yangiliklar, amaldagi stavkalar hamda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan imtiyozlar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berildi.
Tadbirkorlar o‘z faoliyatlarida uchrayotgan muammolar va takliflarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri respublika darajasidagi rahbarlarga yetkazish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Konstruktiv ruhda o‘tgan muloqotda imtiyozlardan foydalanish, qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) qaytarish, shuningdek, soliq hisobotlarini taqdim etish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Tadbir davomida tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan masalalarning ko‘pchiligi joyida hal etildi, qolgan muammolar yuzasidan esa mas’ul ijrochilar biriktirildi.
Qo‘shimcha o‘rganish talab etuvchi muammolar bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi va ularning ijrosi Davlat soliq qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari tomonidan shaxsan nazoratga olindi.
Bunday muloqotlar tizimli ravishda davom ettiriladi. Asosiy maqsad tadbirkorlik muhitining ochiqligini ta’minlash, adolatli soliq tizimini shakllantirish hamda tadbirkorlarni eshitish va ularning muammolarini hal etishdir.
[gallery-23533]
Shuningdek, Mubin Mirzayev Qarshi shahridagi “Qavali” kichik sanoat zonasida ham bo‘lib, u yerdagi tadbirkorlar faoliyati bilan yaqindan tanishdi hamda ularni qiziqtirgan soliqqa oid savollarga javob berdi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari