Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kichik va o‘rta biznes vakillari bilan ochiq muloqot
11:19 / 2025-04-25

Xorazm viloyat soliq boshqarmasi tomonidan Xiva tumanida tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda ularning barqaror rivojlanishiga ko‘maklashish maqsadida kichik va o‘rta biznes vakillari bilan ochiq muloqot tashkil etildi.

Muloqotda ishtirokchilarning soliq imtiyozlaridan foydalanish, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovidan hosil bo‘lgan summaning tadbirkorlarning o‘ziga qaytarilishi va tovarlarni raqamli markirovka qilish kabi masalalarda tushunchalar berildi.  

Joriy yilning 19 mart kuni davlatimiz rahbari kichik va o‘rta biznes vakillari bilan uchrashuvida "Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash – bizning strategik yo‘limiz" deya ta’kidlanib, ushbu soha rivoji yo‘lida biznes egalari uchun alohida yengilliklar va imkoniyatlar berilishi hamda ularning muammolarini hal etish maqsadida joylarda rahbarlar bilan yuzma-yuz uchrashuvlar tashkil etishni belgilab bergan edi.  Shunga asosan dastlab soliq to‘lovchi tadbirkorlik sub’ektlariga soliq siyosatidagi o‘zgarishlar, soliq stavkalari va imtiyozlari xususida tushuntirishlar berildi.  

– Bugungi kunda tumandagi 34 ta mahallaga 17 nafar soliq xizmati xodimlari biriktirilgan, – deydi tuman soliq inspeksiyasi bosh inspektori Muhiddin Otanazarov. – Ularning zimmasiga tadbirkorlarga soliq xizmatlarini ko‘rsatish, hisoblangan soliqlar o‘z vaqtida undirilishini ta’minlash va mahalla byudjetining daromadini shakllantirish, bundan tashqari norasmiy tadbirkorlik faoliyatini qonuniylashtirish, o‘zini-o‘zi band qilganlar kichik biznes toifasiga o‘tishiga ko‘maklashish hamda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash orqali ularning faoliyatini kengaytirish va daromadlarini oshirish hisobiga soliq bazasini ko‘paytirish vazifalari yuklatilgan.

Uchrashuvda kichik va o‘rta biznesni yanada rivojlantirish, bu borada ushbu tarmoq vakillariga berilayotgan yangiliklar hamda soliq imtiyozlari, soliq organlari tomonidan yashirin iqtisodiyotning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi.  

Tadbirda namunali soliq to‘lovchilar «Eng ko‘p ish o‘rni yaratgan tadbirkorlik sub’ekti», «Eng ko‘p fiskal chek bergan tadbirkorlik sub’ekti», «Eng yosh tadbirkor», «Eng intizomli soliq to‘lovchi», hamda «Eng ko‘p soliq to‘lagan tadbirkorlik sub’ekti» nominatsiyalari bo‘yicha taqdirlandi.  

[gallery-23007]

Ochiq va konstruktiv tarzda o‘tgan davra suhbatida tadbirkorlar faoliyatida duch kelinayotgan  dolzarb masalalar muhokama qilindi.  

Ahmadjon Shokirov,

Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari