Toshkentda “O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznes hamda mikromoliyalash” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Jahon bankining mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli, xalqaro moliyaviy institutlar hamda Germaniya, Yaponiya, Singapur davlatlaridan ekspertlar ishtirok etgan tadbirni Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov ochib berdi.
Anjumanda Jahon banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki, BMT Taraqqiyot Dasturi kabi nufuzli institutlar, davlat tashkilotlari mutasaddilari, mahalliy ekspertlar, biznesda muvaffaqiyatga erishayotgan tadbirkorlar o‘z fikr, mulohazalarini bildirishdi. Mutaxassislar tavsiyasi, ilg‘or tajribasi asosida respublikamizda kichik va o‘rta biznes hamda mikromoliyalashtirish sohalariini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlari belgilandi.
Kichik va o‘rta biznes raqobatbardoshligini oshirish, xalqaro bozorga chiqish imkoniyatini kengaytirish, innovatsiya va startap yo‘nalishlarida yoshlar, xotin-qizlar ishtirokini qo‘llab-quvvatlash, raqamli hamda innovatsion tadbirkorlikka e’tiborni kuchaytiish masalalari uch qismdan iborat davra suhbatining asosiy mavzulariga aylandi.
Mikromoliyalashni yanada rivojlantirish, kichik va o‘rta biznes sub’ektlari imkoniyatini kengaytirish, moliyaviy inklyuzivlikni ta’minlashda mikromoliya institutlari rolini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
So‘nggi o‘zgarishlar mazmun-mohiyati tahlil etildi, mikromoliyalashtirishning keyingi bosqichlari va makro, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun moliyaviy resurslardan samarali foydalanish bo‘yicha tavsiyalar tinglandi.
Tadbir yakunida O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesni 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish, shuningdek mikromoliyalashni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalar bo‘yicha hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirishga kelishib olindi.
Xalqaro ekspertlar va mahalliy tadbirkorlar bilan inter faol muloqot o‘tkazilib, tadbirkorlarning sohani rivojlantirishga qaratilgan mulohazalari tinglandi, fikrlar umumlashtirilib, tegishli xulosalar ishlab chiqildi.
Saidmurod RAHIMOV, O‘zA