Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kichik shaharchada mingga yaqin oila uy-joy bilan ta’minlanmoqda
11:26 / 2021-05-19

Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani “Bog‘ibo‘ston” mahalla fuqarolar yig‘inidagi Mullazoir mavzesida namunaviy xonadonlar va zamonaviy ko‘p qavatli uylardan iborat kichik shaharcha qad rostlamoqda. Bu yerda so‘nggi 5 yil davomida bunyod etilgan va ayni vaqtda qurilishi davom etayotgan yangi uylarda mingga yaqin oilani turar-joy bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Shinam va barcha qulayliklarga ega bo‘lgan xonadonlar  uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalar, mehnat migrantlari, nogironligi bo‘lgan kishilar, yosh oilalar va og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollarga berilyapti.

Ayni vaqtda mazkur mavzeda 272 xonadonli 11 ta ko‘p qavatli uylar qurilishi davom etayotgan bo‘lib, 76 milliard so‘m mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilgan.

Yangi uy-joylar mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligiga munosib tuhfa sifatida foydalanishga topshirilishi  rejalashtirilgan.

Tumanda ko‘p qavatli uylar qurilishi yildan-yilga jadallik bilan o‘sib bormoqda. So‘nggi uch yil davomida “Bog‘ibo‘ston” mahalla fuqarolar yig‘inidagi Mullazoir mavzesida 26 ta ko‘p qavatli va 152 ta namunali arzon uy-joylar qurib bitkazildi.  

2019 yilda 48 xonadonli 2 ta ko‘p qavatli uylar o‘z egalariga topshirilgan bo‘lsa, 2020 yilda 520 xonadonga mo‘ljallangan 15 ta zamonaviy ko‘p qavatli uylar qad rostladi.

Aholi yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida zamonaviy turar-joy binolari bolalar va sport maydonchalari, elektr va issiqlik manbai, toza ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari bilan ta’minlanmoqda.

Hududda davlat xususiy sheriklik asosida zamonaviy bolalar bog‘chasi va boshlang‘ich ta’lim maktabi foydalanishga topshirilgan. Aholi, ayniqsa, yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida esa “Yoshlar” kichik sanoat zonasi barpo etilmoqda.

 

M. Sulaymonov, O‘zA