Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kichik sanoat zonasida elektromobillar ishlab chiqarilmoqda
15:45 / 2024-02-07

Farg‘ona viloyatida 95 ta kichik, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi tashkil etilgan bo‘lib, 410 ta loyiha ishga tushirildi. 11 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratilib, eksport hajmi 56,9 million AQSH dollari miqdoriga yetdi.

Iqtisodiyotni izchil va barqaror rivojlantirish, aholi hayot darajasini yuksaltirishda tadbirkorlikning o‘rni beqiyos. Shu bois ham tadbirkorlikni tubdan rivojlantirish, soha vakillarini qo‘llab-quvvatlash masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Viloyatda bugungi kunda 55 mingdan ortiq kichik biznes sub’ekti faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, hudud iqtisodiyotiga o‘z hissasini qo‘shmoqda. 

Ma’lumki, kichik sanoat zonalarini tashkil etish samarali usullardan biri hisoblanadi. Kichik sanoat zonalari tadbirkorlik sub’ektlarini joylashtirishga mo‘ljallangan, muhandislik-kommunikatsiya va infratuzilma ob’ektlarini, ma’lum yer yoki ishlab chiqarish maydonini o‘z ichiga olib, hududlarni rivojlantirishda katta imkoniyatlar yaratadi. 

Hududlarda mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda. Hozirga qadar shahar va tumanlardagi 71 ta kichik sanoat zonasida 2,7 trillion so‘mlik loyiha ishga tushirildi. Ular tomonidan 1 trillion 436,6 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi.

– Kichik sanoat zonalari tadbirkorlarga qo‘shimcha qulaylik va imkoniyat yaratish, ularni qo‘llab-quvvatlash va shu orqali hudud sanoat salohiyatini oshirish, iqtisodiyotini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega, – deydi viloyat hokimligi huzuridagi Kichik va yoshlar sanoat zonalarini boshqarish bo‘yicha yagona direksiyasi direktori Hamidjon Habibiddinov.– Viloyatda birgina kichik va yoshlar sanoat tadbirkorlik zonalarini infratuzilmasini yaxshilash maqsadida 2020-2024 yillarda hukumatning tegishli qarorlari bilan 405 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi. Bugungi kunda mazkur hududlarda istiqbolli loyihalar amalga oshirilib, sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Shahar va tumanlarimizdagi kichik sanoat zonalarida loyihalarning ishga tushirilishi natijasida hududning sanoat salohiyati oshmoqda. 

Farg‘ona shahridagi kichik sanoat zonasida “Central Asia Motors” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan yengil va yuk elektromobillarini ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu yerda dastlab 4 turdagi hamyonbop elektromobillar ishlab chiqarilyapti. 350 million dollarlik loyihaning ilk bosqichida 100 ta ish o‘rni yaratildi.

–Bu loyiha uch bosqichdan iborat, –deydi jamiyat rahbari Bahodirjon Ahmedov.–Birinchi bosqichimiz avtomobillarni butlash va testdan o‘tkazishdir. Bu yerda elektromobillar uchun kuzov, zaryad stansiyasi, akkumulyator ehtiyot qismlari ishlab chiqarilishi mahalliylashtiriladi. Yilda 10 ming elektromobil ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi va uning 40 foizi eksportga yo‘naltiriladi.

Bo‘sh maydonlardan real iqtisodiy sektorni rivojlantirish orqali ulardan samarali foydalanish hududga juda katta naf beradi. Shu bois viloyat hokimligi tomonidan bunga muhim e’tibor qaratilmoqda. Farg‘ona shahridagi “O‘rmonchilar” mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyati tugatilgan karer hududida amaliy ishlar boshlab yuborildi.

Farg‘ona ko‘priklardan foydalanish unitar korxonasi balansidagi 16 gektardan ziyod maydonni egallagan ushbu hudud karer faoliyati tugatilgandan so‘ng qattiq chiqindilarni tashlash joyiga aylanib qolgandi. Viloyat hokimining tashabbusi bilan bu yerda kichik sanoat zonasi tashkil etish maqsadida keng qamrovli tekislash hamda zaminni mustahkamlash ishlari davom etmoqda. Hududda hozirgi kunda ko‘plab maxsus texnikalar jalb etilgan holda ish olib borilmoqda.

M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri