Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kichik sanoat zonalari hamda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari tadbirkorlari qo‘llab-quvvatlanadi
12:16 / 2024-07-22

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Kichik sanoat zonalari hamda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari tadbirkorlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maxsus iqdisodiy, kichik sanoat, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyati samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2022 yil 13 iyundagi PF-153-son Farmoni va “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan 2023 yildagi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2023 yil 4 sentyabrdagi PQ-292-son qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, kichik sanoat zonalari hamda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi:

kichik sanoat zonalari ishtirokchilari hamda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari yosh tadbirkorlik sub’ektlarining investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarining bajarilishini qabul qilish mexanizmlari;

investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni to‘liq bajargan kichik sanoat zonalari ishtirokchilari, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari yosh tadbirkorlik sub’ektlariga berilgan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlari hamda yer uchastkalarini xususiylashtirish tartibi;

Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga kichik sanoat zonalari, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarida joylashgan davlat mulki ob’ektlarini xususiylashtirish vakolatini berish.

2024 yil 1 avgustdan boshlab kichik sanoat zonalari ishtirokchilari, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari yosh tadbirkorlik sub’ektlarining investitsiya va ijtimoiy majburiyatlari bajarilganligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklari huzuridagi Kichik va yoshlar sanoat zonalarini boshqarish bo‘yicha yagona direksiyalar tomonidan majburiyatlarni bajarish muddati tugagandan so‘ng uch oy ichida qabul qilinadi, amalga oshirish muddati 2024 yil 1 avgustga qadar tugagan loyihalar bundan mustasno.

2024 yil 1 oktyabrga qadar kichik sanoat zonalari ishtirokchilari hamda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari yosh tadbirkorlik sub’ektlarining investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarining bajarilganligi yoki bajarilmaganligini xatlovdan o‘tkazib, ularning hisobini yuritish bo‘yicha alohida elektron dastur ishga tushiriladi va har chorakda undagi ma’lumotlar yangilab boriladi.

Toshkent shahrida joylashgan kichik sanoat zonalari, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarida investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarning bajarilishini qabul qilish hamda davlat ko‘chmas mulk ob’ektlarini xususiylashtirish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi tuziladi.

Komissiyaning vazifalari quyidagilardan iborat bo‘ladi:

Toshkent shahrida joylashgan kichik sanoat, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari hududidagi yer uchastkalarini xususiylashtirish masalalarini shaharning ishlab chiqilayotgan bosh rejasiga muvofiqligini o‘rgangan holda ko‘rib chiqish;

kichik sanoat zonalari ishtirokchilari, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari yosh tadbirkorlik sub’ektlarining investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarining bajarilishini qabul qilish;

investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni to‘liq bajargan ishtirokchilarga berilgan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlarini xususiylashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilish.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi kichik sanoat zonalari, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari hududida shaharsozlik faoliyati ularning bosh rejasiga muvofiq amalga oshirilishi hamda ajratilgan yer uchastkalaridan boshqa maqsadlarda, shu jumladan, turar joy binolarini qurish uchun foydalanilmasligi ustidan qatiy nazorat o‘rnatadi.

                                                                                                                        O‘zA