Kichik raketka ustalari mamlakat chempionligi uchun kurashga kirishdi
Bugun, 10 dekabr kuni poytaxtimizda stol tennisi bo‘yicha 15 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bahslari boshlandi.
Bu yilgi mamlakat chempionatida umumiy hisobda 91 nafar o‘g‘il va 81 nafar tennischi qizlar yakkalik, juftlik, aralash va jamoaviy bahslarda g‘oliblik uchun kurash olib borish maqsadida talabnomalarni taqdim etgan.
Kecha musobaqa oldidan o‘tkazilgan texnik qo‘mita yig‘ilishidan so‘ng yakkalik bellashuvlar uchun qur’a tashlandi.
Aytish lozim, o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi yakkalik bahslarda sportchilar 30 ta guruhga bo‘lingan holda kuch sinashadi. Qiz bolalar ishtirokidagi musobaqalarda kichik raketka ustalari 27 ta guruhda saralanishi belgilandi.
Guruh g‘oliblari keyingi bosqichga chiqib, bahslar 32 talik setka bo‘yicha davom ettiriladi.
Chempionat 14 dekabrga qadar davom etadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA