Professional sport klublari o‘rtasidagi “Pro-Tur 3 ” nufuzli musobaqasiga start berildi.
Bugun, 29 yanvar kuni poytaxtimizda stol tennisi bo‘yicha professional sport klublari o‘rtasidagi “Pro-tur” musobaqalarining uchinchi bosqich bahslari boshlandi.

Yakkalik, jamoaviy va aralash jamoaviy tarzda o‘tayotgan turnirda 62 nafar mahoratli tennischilar bahs olib bormoqda.
Umumiy mukofot jamg‘armasi 100 million so‘mdan iborat turnirning ilk kunida 12 ta jamoa aralash bahslarda 4 ta guruhga taqsimlangan holda kuch sinashmoqda.

Sportchilar va klublar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochib beradigan turnirda 1-o‘rinni egallagan jamoa 50 million, 2-o‘rin sohibi 25 million va 2 ta 3-o‘rin sohiblari 12 million 500 ming so‘m miqdoridagi mukofot pullariga ega chiqadi.
Shuningdek, yakkalik bahslarda o‘z iqtidorini namoyish etgan kichik raketka ustalari O‘zbekiston stol tennisi tomonidan munosib rag‘batlantiriladi.
Musobaqalar 30 yanvarga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA