Samarqand davlat universiteti noorganik kimyo va materialshunoslik kafedrasi mustaqil tadqiqotchisi Erali Buvrayev “3D-guruh metallarining vitaminlar va aminokislotalar bilan aralash ligandli kompleks birikmalari sintezi” mavzusida ilmiy izlanish olib bormoqda.
Yurtimizda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilishga alohida e’tibor qaratilayotgan birpaytda parrandachilik va kichik qoramollarni intensiv boqish texnologiyasi dolzarb va muhim yo‘nalishlardan biriga aylangan. Ayniqsa, jonivorlarning to‘laqonli oziqlanishini ta’minlash, ratsionga ozuqa bilan birga mineral, vitamin va boshqa biologik faol qo‘shimchalar kiritish hosildorlik garovi sifatida sifatli oziq-ovqat mahsuloti yetkazib berishga xizmat qiladi.
Tadqiqotchi mazkur ilmiy ishni tuxum qo‘yadigan tovuq, broyler jo‘ja, hali sutdan ajratilmagan buzoqda vitamin va aminokislota misolida sinovdan o‘tkazishni rejalashtirgan.Darvoqe, so‘nggi yillarda bunday tajribalar xorijda ko‘plab o‘tkazilib, amaliyotga tatbiq etib kelinmoqda.
Ushbu 3D, ya’ni biometal (mis, rux, kobalt, nikel) organizmda muhim faollik namoyon qiluvchi metall ionlari mavjud. Ayni unsurlarni biologik faol komponent hisoblangan aminokislota yoki vitamin bilan aralashtirilsa, biologik faollik kuchayib, ta’sir samaradorligi yanada oshadi. Bu to‘g‘rida ilmiy ma’lumotlar bisyor.
- Dunyo ilmiy jamoatchiligi tomonidan turli aminokislota va biometal hosil qilgan aralashmaning biologik ta’siri tadqiq etilganda mikroblarga qarshi kurashish, bakteriyalarga aks ta’sir ko‘rsatish, shuningdek, jonivorlar mahsuldorligini oshirish bo‘yicha faollik namoyon bo‘lgan, - deydi tadqiqotchi Erali Buvrayev. - Biz hozirgacha biometal va aminokislota ishtirokida 48 ta kompleks birikmani sintez qilib ulgurdik. Yaqin orada ilmiy ishimizni yakunlab, parranda va chorva mollarini intensiv boqishning yangi uslubini hayotga tatbiq etamiz. Loyiha amalga oshishi natijasida muayyan uy hayvonlari ozuqasi uchun sarflanayotgan xarajat miqdori sezilarli darajada arzonlashishi kutilyapti. Universitetimizda tajribalar uchun barcha sharoit yaratilgan. Hozir faqat ayrim moddalarning sintezlanish jarayonini sabrsizlik bilan kutyapmiz.
Qayd etish joiz, tadqiqotchining mazkur ishi yuzasidan xorijiy matbuotda 10 dan ziyod, respublika miqyosida 30 ga yaqin ilmiy maqola chop eti. Jarayon bir qator yetuk olimlar va jamoatchilik vakillarining doimiy e’tiborida.
Otabek Sa’dullayev,
SamDU axborot xizmati xodimi,
Shavkat Akramov (surat),O‘zA