Kichik loyihalarning katta foydasi
Qoraqalpog‘iston Respublikasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish va ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim omil bo‘lmoqda.
Joriy yilda Ellikqal’a tumanida umumiy qiymati 25 milliard so‘mlik 336 loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Buning natijasida 2 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi.
Yodgor Aminov parrandachilikni rivojlantirish maqsadida “Sarabiy parranda” fermer xo‘jaligini tashkil etdi va 10 kishini doimiy ish bilan ta’minladi.
– Bankdan olingan imtiyozli kredit evaziga 5 ming bosh jo‘ja xarid qildik, – deydi yosh fermer Yo.Aminov. – Yiliga 60 tonna parhez parranda go‘shti yetishtirishga ixtisoslashgan xo‘jaligimizning dastlabki mahsuloti buyurtmachilarga yetkazib berildi.
Tumandagi “Qilchinoq” ovul fuqarolar yig‘inida “Amirbek-Feruzbek” mas’uliyati cheklangan jamiyati ish boshladi.
– Asosan alyuminiy va plastmassadan eshik-rom, temir to‘siq, panjara va darvoza ishlab chiqaramiz, – deydi korxona rahbari Fozil Yusupov. – “Hamkorbank”dan olingan 25 million so‘mlik kredit hisobidan zamonaviy dastgohlar keltirib o‘rnatdik. Mahsulotimiz sifati va nisbatan arzonligi bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda. Qishloqlarda qurilayotgan namunaviy loyiha asosidagi uy-joylar uchun dastlabki 12 million so‘mlik buyurtmani bajardik.
Korxona ishga tushishi bilan 15 nafar kasb-hunar kolleji bitiruvchisi ishli bo‘ldi.