Navoiy shahridagi Tibbiy-sanitariya bo‘limida tibbiyot amaliyotiga zamonaviy va samarali usullarni joriy etish maqsadida “Kichik invaziv gastrostomiya texnologiyasi” mavzusida seminar tashkil etildi.
Mazkur tadbir “NKMK jamg‘armasi” davlat muassasasi tibbiy-sanitariya bo‘limining Anesteziologiya-reanimatsiya bo‘linmasi negizida o‘tkazilib, yutilish funksiyasi buzilgan, nevrologik va onkologik kasalliklarga ega, shuningdek, uzoq muddat reanimatsiya sharoitida davolanayotgan bemorlarda enteral ovqatlantirishni xavfsiz, barqaror va samarali tashkil etishga qaratildi.

Amaliy mashg‘ulotlar davomida Moskva shahridagi V.M.Buyanov nomidagi klinik shifoxona endoskopisti Yevgeniy Kudryavskiy nazorati ostida 3 nafar bemorga gastrostomik trubkalar o‘rnatildi.

Ushbu innovatsion metodika endoskopik jarrohlik bilan bog‘liq xavflarni kamaytirishi, bemorlarni parvarishlash hamda ovqatlantirish jarayonini sezilarli darajada yengillashtirishi bilan ahamiyatlidir.

Seminar tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish, ilg‘or xorijiy tajribani amaliyotga joriy etish hamda bemorlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri