English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kichik imkondan foydalanib, katta manzillar sari yo‘l boshlagan tadbirkorlar(+video)
17:12 / 2021-11-26

bugungi kunda mamlakatimizda hududlarda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va aholi bandligini ta’minlash borasida aniq belgilab olingan rejalar asosida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada banklar tomonidan ajratilayotgan kreditlar aholi bandligini ta’minlash, kichik biznesni rivojlantirish, umuman olganda, aholining moliyaviy resurslardan erkin va samarali foydalanishiga zamin yaratmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tashkil etilgan press-turda bankdan olingan kredit hisobidan yo‘lga qo‘yilgan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini kuzatdik.

Dastlab, poytaxtimizning Yangi hayot tumanidagi «Umka garden» MCHJ xususiy bog‘cha faoliyati bilan tanishdik.

Xususiy bog‘cha «Mikrokreditbank» aksiyadorlik-tijorat banki Toshkent shahar amaliyot boshqarmasi tomonidan moliyalashtirilgan. 2021 yil boshida «Yoshlar tadbirkorligi» dasturi asosida xususiy maktabgacha ta’lim muassasasiga moddiy-texnik bazasi uchun 33 million so‘m kredit ajratilgan. Bolalar bog‘chasi ayni paytda to‘liq ishga tushirilgan.

- Bankdan olgan 33 million so‘m kreditga xususiy maktabgacha ta’lim muassasasini ishga tushirdim, - deydi maktabgacha ta’lim muassasasi mudirasi Umida Xudayorova. - Hozirda muassasamizda 6 ta guruhda 90 nafardan oshiq bolajonlarimiz bor. Turli xil to‘garaklar, raqs, karate yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, gapirishda qiynalayotgan bolalar uchun maxsus logoped darslari yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari, yangi yil boshida yana qo‘shimcha guruhlar ochishni maqsad qilganmiz. bugungi kunda bog‘chamizdan bir oyda 20 million so‘m sof foyda olyapmiz. Bankdan olgan kreditlarni o‘z vaqtida to‘lash uchun imkoniyatimiz yetarli.

Jarayonni kuzatib, kredit berishda “Ayollar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarga alohida e’tibor qaratilganiga guvoh bo‘ldik.

Navbatdagi tadbirkorlarimiz Xalq bankining imtiyozli kreditlari asosida hunarmandchilik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.

– Birgina otamning nafaqasi besh “jon” uchun qozon qaynatishga yetmadi, kezi kelganda non olishga pul topolmadik, - deydi Nigora Yormatova. – Yaxshi hamki qo‘limda hunarim bor ekan. Bankdan imtiyozli kredit olib, kulolchilik buyumlariga tasviriy san’at asarlarini chizib, mijozlarga yetkazib beryapman. Hozirda faoliyatimni ancha tiklab oldim. Mana shu hunarim orqasidan bir oyda 5 million so‘m mablag‘ topyapman. Kelgusida ishimni kengaytirishni maqsad qilganman.

Keyingi manzil Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani bo‘ldi. Yangiyo‘llik tadbirkor o‘ttiz xil turdagi oynalarni xonadonida ishlab chiqarmoqda. “Agrobank”dan olgan 60 million so‘m kredit tadbirkorning faoliyatini kengaytirishga turtki bo‘ldi.

- Bankdan imtiyozli kredit olib, faoliyatimizni boshladik, - deydi “Registon ko‘zgular olami” korxonasi rahbari Laziz Zufarov. - bugungi kunda ishlab chiqarayotgan ko‘zgularimiz ichki bozorlarda xaridorgir. Shuni ham aytish o‘rinliki, mahsulotlarni sotish uchun onlayn savdo ham yo‘lga qo‘yilgan. bugungi kunda mahsulotimizga qo‘shni davlatlardan ham talab tushmoqda. Hozirgi kunda bir kunlik sof daromad 15 million so‘m. Kelgusida ishimizni kengaytirib, 10 ga yaqin yangi ish o‘rinlarini yaratish, chet davlatlarga mahsulotimizni eksport qilishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz.

<iframe width="1280" height="720" src="https://www.youtube.com/embed/mhXrUttMNno" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>

 

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA