Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kichik harakatdan yirik tadbirkorlikka
20:16 / 2025-08-25

2021yil 23 dekabrda mamlakatimizda “Tadbirkorlar kuni”ni belgilash to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ-739-son Qonuni qabul qilindi. Ushbu kunda davlat rahbari tadbirkorlar bilan an’anaviy tarzda uchrashuv o‘tkazadi. Uchrashuv rasmiy majlis tarzida emas, balki bir yilda erishilgan yutuqlarni qayta esga olish hamda yangi marralarni belgilash borasida bo‘ladi.

Mamlakatimiz iqtisodiyotiga tadbirkorlar qo‘shayotgan hissa yildan-yilga oshib bormoqda. Ishbilarmon va g‘ayratli tadbirkorlar asosiy soliq to‘lovchi, ish o‘rni yaratuvchi, innovatsiyalarni qo‘llovchi, jamiyatlarda muammolarga yechim beruvchi hamda sahovatpesha insonlar sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Mustaqilligimizning dastlabki payti kichik urunish sifatida boshlangan tadbirkorlik faoliyati ayni damda yirik sanoat ishlab chiqarishiga aylanib borayotganligining guvohi bo‘lmoqdamiz. 

“O‘tgan davrda minglab mikro va kichik korxonalar qisqa muddatda yaratilgan sharoitlardan samarali foydalanib, katta-katta kompaniyalar bilan raqobat qila boshladi. Masalan, 1 ming 600 ta mikro korxona bir yil ichida oborotini 10 milliard so‘mdan oshirib, birdaniga o‘rta korxonaga, 143 tasi esa, 100 milliard so‘mdan oshirib, yirik korxonaga aylandi. Yana 122 ta kichik korxona oldinga ikki qadam sakrab, yirik biznes safiga qo‘shildi. O‘tgan yili oboroti 1 trillion so‘mdan oshgan 203 ta korxona bor edi. Bu yilning o‘tgan olti oyida ularga qo‘shimcha yana 47 ta korxona 400-500 milliard so‘mlik marrani zabt etdi. Nasib qilsa, yil yakunigacha ular ham bemalol “trillionchilar” safiga qo‘shiladi.” Ushbu ma’lumotlar Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning 2025 yil 20 avgust kunida mamlakatimiz tadbirkor va ishbilarmonlari bilan bo‘lgan uchrashuvi nutqida keltirib o‘tildi.

Davlat rahbarini nutqi va unda ma’lumotlar tahlil qilinsa, mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlari soni va salmog‘i oshib bormoqda. Kichik tadbirkorlik sub’ektlari rivojlanish va yiriklashishga jadal intilmoqda. Bu borada davlat siyosatining to‘g‘ri yo‘nalish olganini olqishlash joiz. Shu bilan birga amalga oshirilgan ishlar va bu borada xorijiy mamlakatlar tajribasini keltirib o‘tish foydadan xoli emas. 

Tadbirkorlik sub’ektlarini toifalar va ularni rag‘batlantirish tizimini yangi voqe’lik deyish mumkin. 2012 yil 2 mayda qabul qilingan “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun tadbirkorlik sub’ektlarining ilk tasnishlanishini o‘zida aks ettirgan edi. Qonunning 5-moddasiga ko‘ra kichik tadbirkorlik sub’ektlari YATT, mikrofirma va kichik korxona toifalariga ajratilgan. Mikrofirma va kichik korxona maqomi xodimlarning yillik sonidan kelib chiqib belgilangan. O‘zbekiston Respublikasida 2010 yilda kichik tadbirkorlik sub’ektlari soni 179 693 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2024yilga kelib ularning soni 614 897 taga yetdi. Kichik tadbirkorlik sub’ektlari soliq imtiyozlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lganligi sababli ularning rivojlanmasligi va kengaymasligiga olib keldi.

Keyinchalik dunyo tajribasiga asoslanib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 30 avgustdagi PQ-364-son qarori yo‘l xaritasida tadbirkorlik sub’ektlari mikro, kichik va o‘rta toifalarga ajratish mezonlarini va shu asosda ularni davlat tomonidan manzilli qo‘llab-quvvatlash choralarini belgilash nazarda tutildi.

Prezidentimizning 2023 yil 10 fevraldagi “Tadbirkorlik sub’ektlarini toifalarga ajratish mezonlari hamda soliq siyosati va soliq ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-21-son Farmoniga ko‘ra, tadbirkorlik sub’ektlari yillik aylanma miqdoriga asosan kichik, o‘rta va yirikka tasniflanishi lozimligi belgilandi. Ushbu farmon kichik tadbirkorlik sub’ektlarini o‘rta, o‘rta tadbirkorlik sub’ektlarini esa yirik tadbirkorlik sub’ektiga o‘tishini yanada rag‘batlantirish lozimligini nazarda tutdi.

Tadbirkorlik sub’ektlarining yiriklashishini rag‘batlantirishga oid siyosat dunyoning ko‘plab rivojlangan mamlakati tomonidan olib boriladi. Xususan Buyuk Britaniya bu borada ijobiy tajribaga ega hisoblanadi. Ushbu mamlakatda “start-up” va “scale-up” tushunchalari qonunchilikda keng foydalaniladi. Bugungi kunda kundalik hayotimizda “start-up” tushunchasidan foydalanmoqdamiz. U yangi tashkil etilgan tadbirkorlik faoliyatini anglatadi. Ammo, “scale-up” tushunchasi biz uchun anchayin yangidir.

“scale-up” Buyuk Britaniya qonunchiligida korxonalar uchun rasmiy maqom hisoblanadi. Buyuk Britaniya Biznes, energetika va sanoat strategiyasi departamenti (BEIS) bu ta’rifni rasman siyosat yuritish va qo‘llab-quvvatlash maqsadlarida qabul qildi. Misol uchun, Britaniya biznes banki orqali moliyaviy mablag‘larni yo‘naltirish va mahalliy o‘sish markazlari (Growth Hub) yordamini takomillashtirish kabi harakatlar aynan shunday kengayuvchi firmalarga qaratilgan. “scale-up” bu uch yillik davr mobaynida o‘rtacha yillik o‘sishi 20 foizdan yuqori bo‘lgan — ya’ni daromadi (aylanmasi) yoki xodimlar soni bo‘yicha — korxonadir. Bunday korxona mazkur uch yillik davrning boshida kamida 10 nafar xodimga ega bo‘lishi shart. Aynan ushbu korxonalarga moliyaviy ko‘mak beriladi.

Mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlarni yanada rivojlantirish, ularning ishlab chiqarishini kengaytirish uchun Buyuk Britaniya tajribasi qo‘l kelishi mumkin. 

Xulosa qilib aytish mumkinki, kichik tadbirkorlik sub’ektlarininig yiriklashishini rag‘batlantirish bu borada ularni maqsadli qo‘llab quvvatlash mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishda hal qiluvchi qadam bo‘ladi.

Alisher Jumagulov,

 TDYUU Biznes huquqi kafedrasi dotsenti.