Yurtimizda yetim bolalar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan va nogiron bolalar, shuningdek, zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgani sababli oilasidan olingan bolalarni muqobil joylashtirish shakllarini takomillashtirish hamda yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoshlarning jamiyatga integratsiyasini ta’minlash maqsadida bir qancha zaruriy vazifalar belgilab berilgan. Xususan, joriy yil 1 yanvardan boshlab bosqichma-bosqich Andijon viloyati, Toshkent shahri hamda Samarqand viloyatida kichik hajmli bolalar uyi tashkil etilmoqda.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan tashkil etilgan press tur davomida Mirzo-Ulug‘bek tumanida joylashgan 1-Kichik hajmli bolalar uyining barcha shart - sharoitlari va imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish imkoni bo‘ldi.
Hozirgi kunda bu yerda 9 nafar bola tarbiyalanmoqda. Ulardan 7 nafarida turli xil tibbiy tashxislar mavjud (Daun sindromi, displaziya, anemiya, anatomik yurak nuqsonlari), 2 nafar bola esa sog‘lom hisoblanadi. Bolalarning ta’limi va tarbiyasi quyidagicha tashkil etilgan, 3 nafar bola maxsus bog‘chaga boradi, 3 nafar bola ommaviy bog‘chaga qabul qilingan, 3 nafar bola uy sharoitida tarbiyalanmoqda.
Muassasada har bir bolaga individual yondashuv, mehr va g‘amxo‘rlik asosida tarbiya berishga alohida e’tibor qaratilgan. Shu bilan birga, bolalarning oila muhitida ulg‘ayishi, oilaviy qadriyatlar ruhida tarbiyalanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan.
Tarbiyachilar bolalarning individual rivojlanish rejalari va integratsiya dasturlari asosida ta’lim-tarbiya ishlarini olib boradi, shuningdek, har bir bolaning qiziqish va qobiliyatini inobatga olgan holda turli faoliyatlar bilan shug‘ullanadi.
Darhaqiqat bolaning begonasi bo‘lmaydi deganlari, bugun davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z natijasini ko‘rsatayotgani quvonarli hol.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/uwG1S4541DY?si=dXEPiAaTKAWPfKSp" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Turdaliyeva, N. Abduvoitov,O‘zA