French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kichik biznesga e’tibor yuksalmoqda
15:12 / 2015-09-29

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashi “Aholi turmush sifatini oshirishda siyosiy partiyalar va tijorat banklari hamkorligi istiqbollari” mavzusida davra suhbati o‘tkazdi.

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashi “Aholi turmush sifatini oshirishda siyosiy partiyalar va tijorat banklari hamkorligi istiqbollari” mavzusida davra suhbati o‘tkazdi.

“Adolat” partiyasi tijorat banklari bilan hamkorlikda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, ayniqsa, bitiruvchilarning bandligini ta’minlash, ayollar tadbirkorligini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida bir qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. 2015-yilning birinchi choragida tijorat banklari bilan birgalikda hududlarda o‘tkazilgan seminarlarda tadbirkorlik faoliyatini bank kreditlari hisobiga boshlayotgan loyiha mualliflarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida kasb-hunar kollejlarining 90 nafardan ortiq bitiruvchisi hamda xotin-qizlarga imtiyozli kredit olish huquqini beruvchi sertifikatlar topshirildi. “Asaka” va “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banklari bilan yo‘lga qo‘yilayotgan hamkorlik ham maqsadli loyihalarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Prezidentimiz Islom Karimovning 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasini yanada rivojlantirish, mamlakatimiz iqtisodiyoti va xalqimiz farovonligini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mazkur farmon asosida ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun asosida o‘ttizdan ortiq me’yoriy-huquqiy hujjatga zarur o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlarga ko‘ra, endilikda xo‘jalik yurituvchi subyektlar mansabdor shaxslariga nisbatan ular tomonidan soxta bankrotlik hamda bankrotlikni yashirish orqali yetkazilgan moddiy zarar to‘liq qoplanganda ozodlikdan mahrum qilish shaklidagi jazo qo‘llanilmaydi.

Tadbirda soliq tizimidagi qator yangiliklarga ham alohida e’tibor qaratildi. Masalan, yakka tartibdagi tadbirkor o‘zi tomonidan yollangan har bir xodim uchun nazarda tutilgan stavkaning 30 foizi miqdorida qat’iy belgilangan soliqni, sug‘urta badallarini oyiga eng kam ish haqining 50 foizi miqdorida to‘laydi. Tejab qolingan mablag‘ni ishlab chiqarishni rivojlantirishga yo‘naltiradi.

Davra suhbatida yangi qonun mazmun-mohiyatini tadbirkorlarga tushuntirish, ularning huquqiy himoyasini kuchaytirish, faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan g‘ov va cheklovlarni bartaraf etish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lami va sifatini yanada oshirish lozimligi va bunda siyosiy partiyalar hamda tijorat banklarining hamkorligini mustahkamlash zarurligi qayd etildi.