Mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar strategik yo‘l sifatida ustuvorlik kasb etmoqda.
Xususan, 2025 yil 1 iyuldan 2028 yil 1 yanvarga qadar “Birinchi imkoniyat” tamoyili joriy etilib, uning doirasida birinchi faoliyat yili davomida savdo va tadbirkorlik sohalariga oid ma’muriy huquqbuzarlikni ilk bor sodir etgan kichik tadbirkorlik sub’ektlari javobgarlikdan ozod etilishi ham biznes egalariga qaratilayotgan g‘amxo‘rlikdan bir nishona.
Namangan viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i Shuhratali Imomov Pop tumanida kichik va o‘rta biznes bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlari vakillari bilan uchrashuvda ayni shular haqida so‘z yuritdi.

Muntazam ravishda hududlarda an’anaviy o‘tkazilayotgan muloqotlarning navbatdagisida dorixona, umumiy ovqatlanish, savdo, ishlab chiqarish faoliyatini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlar hamda tuman fermer xo‘jaliklariga xizmat ko‘rsatuvchi hisobchilar qatnashdi.
Uchrashuv qatnashchilariga, soliq majburiyatlari, sohadagi so‘nggi yangiliklar, ma’muriy jarimalar hamda barqarorlik reytingidagi daraja ko‘rsatkichlari borasida tushuncha va tavsiyalar berildi. Muloqot chog‘ida sohani rivojlantirish, mavjud muammolarni hal etish va yangi imkoniyatlar muhokama etildi.

– Soliqchilarning tadbirkorlar huzurida muloqot tashkil etgani bizning korxonamiz uchun ham ayni muddao bo‘ldi. Viloyat bosh soliqchisiga QQSdan ortiqcha to‘lovni qaytarish masalasida amaliy yordam so‘radik, – deydi Pop tumanidagi “Gulandom suxandon” xususiy korxonasi rahbari Shahboz Hasanov. – Murojaatimiz shu joyning o‘zida ijobiy hal etishga kirishildi. Mutasaddi xodimlarga muammoni qonunan ko‘rib chiqish va nazoratga olish yuzasidan topshiriq berildi. Bunday amaliy muloqotlar davlat idoralari va tadbirkorlar o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlaydi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA