Poytaxtimizda “Kiberxavfsizlik markazi” DUK hamda Buyuk Britaniyaning “DIALOGUE” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Raqamli dunyoda kiberxavfsizlikning ahamiyati: yechimlar, tahdidlar” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, 2010 yilda tashkil etilgan Buyuk Britaniyaning “DIALOGUE” kompaniyasi ishbilarmonlar va yirik korporativ tadbirlar, yirik xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazishga ixtisoslashgan tashkilot.
Global kiber barqarorlikni oshirish bo‘yicha treninglar, taqdimotlarni faol tarzda o‘tkazish, mazkur sohada dolzarb masalalarni muhokama qilish, tajriba almashish, muhim axborot infratuzilmalar uchun taklif qilish mumkin bo‘lgan zamonaviy yondashuvlar haqida yangi ma’lumotlar olish maqsadida tashkil etilgan tadbirda ilg‘or davlatlarning eng nufuzli axborot va kiberxavfsizlik sohasidagi spikerlari va ko‘zga ko‘ringan xalqaro kompaniya vakillari ishtirok etdi.
Ushbu qo‘shma tadbir mintaqaviy va xalqaro davlat kiberxavfsizlik markazlari va tijorat hamjamiyatlari uchun xalqaro hamkorlik o‘rnatish, bozor tendensiyalari va sohada amalga oshirilishi zarur masalalarni muhokama qilish uchun platforma yaratishga imkon beradi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA