Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida kiberxavfsizlik va sun’iy intellekt bo‘yicha boy tajribaga ega bo‘lgan “Arrtech Corp” va “Relisecure Corp” kompaniyalarining ijrochi direktori Alper Jem Yilmaz, shuningdek, Markaziy Osiyodagi yetakchi IT-distribyutorlaridan biri “Elcore Distribution Kazakhstan” kompaniyasining mamlakatlar bo‘yicha direktori Nazgul Taimova va yetakchi kommunikatsiya menejeri Aynur Maksim bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda institutda axborot texnologiyalarini rivojlantirish, o‘quv jarayonini raqamlashtirish, kiberxavfsizlikni ta’minlash, shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalaridan samarali foydalanish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Tadbirda mehmonlar “Siberkoza” loyihasi orqali Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Pokiston davlatlaridagi 7 ta universitetda tashkil etilgan laboratoriyalar yordamida yangi avlod kiberxavfsizlik va sun’iy intellekt mutaxassislarini tayyorlash hamda ularni qo‘llab-quvvatlash ishlari olib borilayotganini ta’kidladi.

Uchrashuv davomida mazkur oliy o‘quv yurtida ushbu loyiha doirasida, shuningdek, kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt va ilg‘or texnologiyalar bo‘yicha strategik investitsiya hamda hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Tadbirdan so‘ng mehmonlar institutning IT-inkubatsiya markazi faoliyati bilan tanishdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA