Toshkent shahrida “Kiberxavfsizlik sammiti – Markaziy Yevroosiyo, CSS — 2024” II Xalqaro kiberxavfsizlik sammiti bo‘lib o‘tdi.
Kiberxavfsizlik markazi va “Dialogue Events” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda 30 dan ortiq mamlakatdan 60 ga yaqin kompaniya, 120 dan ortiq delegat ishtirok etdi.
Nufuzli sammitda Janubiy Koreya, Ozarbayjon, Turkiya, Gruziya, Turkmaniston, Tojikiston, Qozog‘iston kabi 10 dan ortiq xorijiy davlatlarning tartibga soluvchi organlari va xalqaro tashkilotlar – Xalqaro elektraloqa ittifoqi, FIRST, SABABA qatnashdi.
“CSS – 2024” kiberxavfsizlik konferensiyasining asosiy maqsadi – mintaqaviy kiberhamjamiyat uchun o‘zaro tajriba almashish, zamonaviy yechimlarni namoyish etish, eng muhimi, o‘zaro manfaatli asosda yangi imkoniyatlarni ochish uchun yuqori darajadagi xalqaro interaktiv platforma yaratishdan iborat.

Tadbirda O‘zbekistonning raqamli infratuzilmasini mustahkamlash, xususan, kiberxavfsizlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar va yutuqlar haqida ma’lumot berildi.
Davlat idoralari raqamlashtirildi va aholi uchun onlayn xizmatlar kengaytirildi. Kiberxavfsizlik, ya’ni xavf-xatarlarining oldini olish bo‘yicha ham tizimli ishlar olib borilayotir.
“CSS – 2024” ikki kunlik tadbir bo‘lib, dastlab Markaziy Yevroosiyo davlatlaridan kelgan malakali ekspertlar sohaning hozirgi holati hamda undagi muammolarning samarali yechimi haqida fikr yuritdi.

Konferensiya dasturi doirasida yalpi muhokamalar, taqdimot sessiyalari, ko‘rgazma va bir qator qiziqarli tarmoq tadbirlari o‘tkazildi. Bu ishtirokchilarga texnologiyalar va yechimlarni samarali va foydali tarzda namoyish etish hamda yangi biznes aloqalarini yaratish imkonini berdi.
Sammitda kiberxavfsizlik bo‘yicha ekspertlar dinamik global xavf-xatar manzarasini va mintaqa mamlakatlariga raqamlashtirish orqali taqdim etilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy imtiyozlardan to‘liq foydalanish haqida yangi bilim va tajribaga ega bo‘ldi.
Konferensiyaning umumiy mavzusi raqamli dunyoda kiberxavfsizlikning ahamiyati: yechimlar, tahdidlar va hamkorlik, muhim infratuzilma va biznes aktivlarini himoya qilishga qaratildi. Bu yilgi konferensiyada 60 ga yaqin ma’ruzachilar o‘z kompaniyalari va takliflarini taqdim etdi.
Tadbir doirasida “Cyberkent 2.0” hamda CTF musobaqalariga ham start berildi. Shu bilan birga, “Cyberkent 2.0” respublika musobaqasi doirasida “Workshop” seminar-treningi bo‘lib o‘tdi.
N.Abduraimova, O‘zA