Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kiberxavfsizlik – davr talabi
17:24 / 2025-11-04

Shu yilning 30 noyabriga qadar barcha hududlarda “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” fuqarolarni ogohlikka undash, internetdagi huquqbuzarliklarning oldini olish, kibermakonda sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashishga qaratilgan tadbirlar davom etadi.

Namangan shahridagi “IT Park” markazida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida jurnalist va blogerlarga oylik doirasida viloyatida o‘tkazilishi rejalashtirilgan kompleks targ‘ibot-tashviqot tadbirlari to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi. 

Viloyat hokimining raqamlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sherzodbek Tursunovning ta’kidlab o‘tganidek, hozirgi rivojlanib borayotgan axborot texnologiyalari asrida, hayotimizning barcha jabhalarida kompyuter va raqamlashtirilgan turli xil texnikalarni ko‘rish mumkin. Bu tarmoq rivojlangani sari bundan g‘arazli maqsadda foydalanuvchilar borligini ham unutmaslik, doimo ogohlik va hushyorlikka e’tibor qaratish lozim. 

Viloyat IIB axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Sanjarbek No‘gmonovning qayd etishicha, keyingi yillarda kiberjinoyatlar salmog‘i ortib bormoqda. O‘tgan davrda yuz bergan 4253 ta kiberjinoyatning aksariyati ijtimoiy tarmoqlarda tarqatiladigan soxta dasturiy havolalar (“APK”), onlayn savdo-sotiq, treyderlik (pul ko‘paytirib berish) va soxta qo‘ng‘iroqlar tufayli firibgarlik holatlarini tashkil qilmoqda. 

Jinoyatlar oqibatida jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplash maqsadida ichki ishlar organlari tomonidan 4 milliard so‘m, tijorat banklarining aralashuvi bilan esa 1 milliard so‘mdan ziyod mablag‘lar undirib berildi. Shuningdek, huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilayotgan murojaatlar 38 foizga kamayishiga erishilgan. 

[gallery-26076]

Anjumanda ishtirokchilar tarafidan viloyat tashkilotlari axborot tizimlarini kibertahdidlardan himoya qilish, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan turli yolg‘on va feyk xabarlarga qarshi munosib tarzda kurashish, aldovlarni kamaytirish uchun no’anaviy tarzda interfaol tanlovlarni tashkillashtirish yuzasidan taklif-mulohazalar bildirildi. 

Namangan viloyati hokimligi, viloyat IIB tomonidan boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda Prezidentimizning 2025 yil 30 apreldagi “Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida, oylik davomida tibbiyot va mahalla tizimlari, nogironligi bo‘lgan fuqarolar, jurnalistlar, blogerlar, oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida aholini kibertahdidlardan ogohlantirishga qaratilgan turli sovrinli ko‘rik-tanlovlar o‘tkaziladi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.