Bugungi kunda axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish, aholining huquqiy savodxonligini oshirish, fuqarolarning kiberjinoyatlar qurboniga aylanishining oldini olish, qolaversa, ushbu yo‘nalishda professional kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari boshchiligida yaqinda ichki ishlar organlari xodimlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan videolektor yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosi doirasida, ayni shu muhim mezondan kelib chiqqan holda, Namangan viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamda Namangan davlat texnika universiteti rahbarlari va sohaga daxldor mas’ul xodimlar ishtirokida uchrashuv o‘tkazilib, unda o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.
Mazkur memorandum doirasida kiberjinoyatlarning oldini olishga qaratilgan targ‘ibot ishlari kengaytirilib, raqamli makonda yuzaga kelayotgan yangi turdagi xavf-xatarlarning oldini olish bo‘yicha samarali himoya choralari ishlab chiqiladi. Avtomatlashtirilgan aqlli tizimlar va zamonaviy dasturiy mahsulotlarni yaratish borasida hamkorlikda ish olib boriladi.
Qolaversa, har ikki ikki tomon qoshida kiberxavfsizlik yo‘nalishida innovatsion malaka oshirish markazini tashkil etish, talabalar va ichki ishlar organlari xodimlari uchun qo‘shma o‘quv kurslari, seminar va treninglar o‘tkazish, talabalarning IIB bo‘linmalarida amaliyot o‘tashini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Tadbir doirasida universitet mutasaddilari IIB huzuridagi axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi hamda tezkor boshqaruv markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Yaratilgan shart-sharoitlar va mavjud texnik imkoniyatlar yuzasidan batafsil ma’lumotlar berib o‘tildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA