Hozirgi kunda raqamli dunyo har bir soha va tarmoqlar faoliyatiga, shu jumladan, media sohasiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Internet va ijtimoiy tarmoqlarning jadal rivojlanishi bilan, ma’lumotlarning tarqalishi juda osonlashdi.
Jurnalistlar va blogerlar uchun ham kiberxavfsizlik va raqamli gigiyena, onlayn tahdidlarga qarshi kurashish juda muhim ahamiyatga ega bo‘lib bormoqda. Namangan shahridagi “Oydin Plaza hotel” mehmonxonasida O‘zbekiston Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi va Xalqaro “Chegarasiz muxbirlar” tashkiloti hamkorligida o‘tkazilgan treningda jurnalist va blogerlar bu yo‘nalishda o‘z malakalarini oshirdi.
Anjumanda, viloyatda faoliyat yuritayotgan bosma va elektron ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlar faollari uchun raqamli xavfsizlik va raqamli tazyiqlarga qarshi kurash, ma’lumotlarni muhofaza qilish va raqamli muhitdagi huquqiy masalalar bo‘yicha ko‘nikmalar berildi. Ishtirokchilar “ChatGPT” va “D-ID” kabi sun’iy intellekt instrumentlaridan foydalandi. Trening nazariy taqdimotlar, amaliy mashg‘ulotlar va guruh muhokamalari shaklida o‘tkazildi.
Seminar qatnashchilari hayotiy holatlar bilan ishlashdi va ma’lumotlar saqlanishi hamda manbalarning himoya choralari bo‘yicha tavsiyalar oldi. Yaqin kunlarda bu kabi treninglar Jizzax va Buxoro shaharlarida ham tashkil etiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA