O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Aholi o‘rtasida Internetdagi tahdidlarni barvaqt oldini olish bo‘yicha kompleks targ‘ibot chora-tadbirlarining mazmuni va mohiyati» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazining mas’ul xodimlari ishtirok etib, sohaga oid dolzarb masalalar xususida fikr yuritdilar.
Anjumanda ta’kidlanganidek, rivojlangan davlatlar qatori mamlakatimizda ham raqamli texnologiyalar har bir sohada keng tatbiq etib kelinmoqda. Internet tarmog‘i kirib bormagan manzilning deyarli o‘zi qolmadi. Respublikamizda 25 million nafardan ortiq internet foydalanuvchilari mavjud. O‘tkazilgan tahlil natijalari bugungi kunda mamlakatimizda kiberjinoyatchilikni o‘sish tendensiyasi kuzatilayotganligidan dalolat bermoqda.
So‘nggi 3 yilda kiberjinoyatlar soni bir necha baravarga oshib ketgan. Jumladan, kiberjinoyatchilikning bir qator turlari sodir bo‘layotganligi kuzatilmoqda. Bular firibgarlar plastik karta foydalanuvchilariga kelgan SMS-xabarnomadagi kodlarni to‘lovni amalga oshirish, yutuqni berish kabi bahonalar orqali egallab, undagi mablag‘larni o‘zlashtirish, shaxsiy ma’lumotlarni egallash va ularni oshkor qilish bilan qo‘rqitib tovlamachilik qilish, ijtimoiy tarmoqda zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish, haqorat, suitsid holatlari va boshqalardir.
Xorijiy davlatlar tajribasi o‘rganilganda, aholida internetdan foydalanish madaniyatini shakllantirish orqali ularni ehtimoliy xavflardan barvaqt ogohlantirish bu – internetdagi tahdidlarga qarshi kurashishdagi eng samarali usul ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Shu maqsadda Internet tarmog‘ida sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashish, ularni barvaqt oldini olish bo‘yicha bevosita Ichki ishlar vazirligi tomonidan birinchi navbatda fuqarolar o‘rtasida faol targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib kelinmoqda.
Xususan, aholini barcha qatlamini kibertahdidlardan barvaqt ogohlantirish va internet tarmog‘idagi sodir etiladigan jinoyatlar qurboniga aylanib qolmasliklarini oldini olish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlarida kompleks targ‘ibot tadbirlari olib borildi.
Tadbirlarda qatnashgan aholi vakillaridan targ‘ibot ishlari mazmuni, internetdagi huquqbuzarliklardan o‘zlarining yaqinlarini ham ogohlantirib borishlari to‘g‘risida tushuntirildi.
Targ‘ibot tadbirlari bilan aholini yanada kengroq qamrab olish maqsadida IIV Kiberxavfsizlik markazi tomonidan “Kiber-yordamchi” platformasi ishlab chiqilgan bo‘lib, matbuot anjumani davomida uning imkoniyatlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Tadbir davomida bloger va OAV vakillarining savollarga Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi rahbariyati va mas’ul xodimlari tomonidan batafsil javoblar berildi.
O‘zA