O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kibersport, dron va robot texnologiyalari yo‘nalishidagi sport turlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarda kibersport, dron va robot texnologiyalari yo‘nalishidagi sport turlarini rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi" tasdiqlandi.
Musobaqalar quyidagi yo‘nalish va bosqichlarda o‘tkaziladi:
a) yo‘nalishlar:
kibersport yo‘nalishi - jamoaviy tarzda virtual, ya’ni kompyuter va raqamli muhitda o‘tkaziladigan, ishtirokchilarning strategik fikrlash, tezkor qaror qabul qilish, vaziyatni baholash, shaxsiy tarkibni jipslash, hamkorlik masalalarini amalga oshirish hamda liderlik va boshqaruv qobiliyatlarini shakllantirishga qaratilgan musobaqa;
dron texnologiyalari yo‘nalishi - uchuvchisiz uchish apparatlarini boshqarish, navigatsiya, vaziyatni baholash, aniq vazifalarni bajarish, xavfsiz parvozni ta’minlash hamda amaliy mashqlar orqali ishtirokchilarning texnikaviy va amaliy ko‘nikmalarini aniqlashga qaratilgan musobaqa;
robot texnologiyalari yo‘nalishi - robototexnika vositalarini loyihalash, dasturlash, boshqarish va belgilangan texnik vazifalarni bajarish bo‘yicha ishtirokchilarning muhandislik, algoritmik va innovatsion qobiliyatlarini baholashga qaratilgan musobaqa;
b) bosqichlar:
birinchi bosqich - vazirlik va idoralarda har yili avgust oyida "Harbiy qism (muassasa) komandiri (boshlig‘i) kubogi" ichki musobaqasi;
ikkinchi bosqich-har yili oktabr oyida "Harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni kubogi" musobaqasi;
uchinchi bosqich - har yili dekabr oyida "Mudofaa vaziri kubogi" musobaqasi o‘tkaziladi.
Musobaqada g‘olib bo‘lgan harbiy xizmatchilar quyidagicha rag‘batlantiriladi:
a) birinchi bosqichda g‘olib bo‘lgan jamoaning har bir a’zosi biryo‘la to‘lanadigan 10 million so‘m pul mukofoti hamda jamoa uchun harbiy qism (muassasa) komandiri (boshlig‘i) kubogi;
b) ikkinchi bosqichda g‘olib bo‘lgan jamoaning har bir a’zosi biryo‘la to‘lanadigan 30 million so‘m pul mukofoti hamda jamoa uchun harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni kubogi;
v) uchinchi bosqichda g‘olib bo‘lgan jamoaning har bir a’zosi biryo‘la to‘lanadigan 50 million so‘m pul mukofoti hamda jamoa uchun mudofaa vaziri kubogi.
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi musobaqalarni tashkil etish va o‘tkazish, shuningdek, mazkur qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish, ishtirokchi vazirlik va idoralar faoliyatini hamda o‘zaro hamkorligini muvofiqlashtiruvchi organ hisoblanadi.
O‘zA