Buxoro muhandislik-texnologiya institutida “O‘zbekneftgaz” AJ hamkorligida “Kiberneftgaz” oliy muhandislik maktabi tashkil etildi.
“O‘zbekneftgaz” AJ hamda institut o‘rtasida institut bazasida Oliy muhandislik maktabini tashkil etish bo‘yicha “Yo‘l xarita”si ishlab chiqildi va tasdiqlandi.

“Yo‘l xarita”ga asosan “O‘zbekneftgaz” AJga tegishli ishlab chiqarish korxonalari bilan ilmiy-innovatsion ishlanmalarni birgalikda olib borish, institutda tashkil etiladigan Oliy muhandislik maktabi xonalarini ta’mirlash, qayta jihozlash, Oliy muhandislik maktabi o‘quv, ilmiy laboratoriyalarining moddiy -texnik bazasini shakllantirish bo‘yicha qo‘shma hujjatlar kelishildi. Bugungi kunda laboratoriya xonalari eng zamonaviy jihozlar va asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Shu bilan birga, Oliy muxandislik maktabidagi o‘quv xonalarida trenajyorlar, simulyatorlar, zamonaviy dasturlar, VR zonalar tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borildi.

“O‘zbekneftgaz” AJning tegishli mutaxassislari bilan birgalikda Oliy muhandislik maktabi nizomi, o‘quv rejalari, dasturlari ishlab chiqilmoqda. Qolaversa, Oliy muhandislik maktabi o‘quv jarayonlariga yuqori professional professor-o‘qituvchilarni, tajribali ishlab chiqarish korxonalarida o‘qituvchilarni tanlab olish, jahon standartlariga javob beruvchi sifatli ta’limni tashkil etish, tahsil oluvchi iqtidorli talabalarga qo‘shimcha ishlab chiqarish korxonalari stipendiyalarini tashkil etish, ularning ishlab chiqarish amaliyotlarini yuqori darajada o‘tkazish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Ushbu oliy muhandislik maktabida ikki yillik amaliy magistratura dasturlari yo‘lga qo‘yiladi. Ishlab chiqaruvchilar buyurtmasi asosida nomzodlar saralab olinadi. Neft va gaz sohasi uchun ilg‘or muhandis kadrlar tayyorlanadi va ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishga ham keng imkoniyatlar yaratib beriladi.

Birinchi yil talabalar korxonalar buyurtmasi asosida yangi mahsulotlarni loyihalashtiradi. Ilmiy izlanishlar o‘tkazadi. Bu borada chuqurlashgan modul dasturlar asosida o‘qitiladi. Ikkinchi yil yangi mahsulotlar bo‘yicha tajriba-konstruktorlik namunalarini yaratish bilan bog‘liq texnologik jarayonlarni korxonalarda sinovdan o‘tkazadi.

–Oliy muxandislik maktabini tashkil etish maqsadida albatta xorij tajribasi o‘rganildi, –deydi Buxoro muhandislik-texnologiya instituti rektori Sadoqat Siddiqova. –Xususan, Germaniya, Yaponiya Buyuk Britaniyaning nufuzli oliygohlaridagi tajribalar o‘rganib chiqildi. “Kiberneftgaz” oliy muhandislik maktabini tashkil etish jarayonida bevosita Qozon federal universiteti, Tyumen davlat universiteti, Sankt-Peterburg davlat universiteti, Olmaota davlat neftgaz universiteti, Boku oliy neft maktabi kabi ilg‘or muhandislik maktablari tajribasi o‘rganilib, ular bilan hamkorlik qilish borasida kelishuvlarga erishildi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri