Toshkent viloyati hududida aholi orasida kibermadaniyatni yuksaltirish hamda kibergigiyenasini shakllantirish mavzusida brifing o‘tkazildi.
Unda Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Obid Oripov, boshqarma shaxsiy tarkibi mutaxassislari tomonidan OAV vakillariga joylarda amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot berildi.
Qayd etilganidek, 1-30 noyabr kunlari “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” deb e’lon qilindi va uning doirasida ko‘plab tashabbuslar, aholini ogohlikka chaqirish, talabalar, maktab o‘quvchilari va tashkilot xodimlari uchun treninglar, yutuqli tanlovlar va kibersport musobaqalari o‘tkazish belgilangan. Maqsad fuqarolarning kibersavodxonligini oshirish va raqamli xavflardan himoya qilish ko‘nikmalarini mustahkamlashdir.
Brifingda mas’ullar tomonidan o‘n oy davomida Toshkent viloyati hududida sodir etilgan umumiy jinoyatlarning 44 foizi kiberjinoyatlarni tashkil etgani aytildi. Xususan, soxta va zararli havola orqali bank karta yoki akkauntni egallash 33,6 foizini, tovar-xizmatlar uchun oldindan to‘lovlar amalga oshirish shaklida 24,7 foizni tashkil etadi. Shuningdek, soxta kripto birjalarga qiziqtirish shaklida 17,7 foiz, nomiga onlayn kredit rasmiylashtirish orqali 6,6 foiz, telefon qo‘ng‘iroqlari orqali turli aldovlar 4,8 foiznitashkil etgan.
Brifing doirasida OAV vakillari bilan davra suhbati tashkil etildi. Unda bu kabi kiberjinoyatlarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida aytildi. Jumladan, birgina telegram ijtimoiy tarmog‘idan kelgan .ark va .jar (virus) fayllarni yuklab olmaslik, yozishmalardan darhol o‘chirib tashlash maqsadga muvofiqdir. Shu bilan birga, notanish, shubhali havola (ssilka, link) larni ochmaslik va ularni tarqatmaslik, shaxsiy pullarni ko‘paytirib beramiz degan soxta treyderlarga ishonmaslik, shaxsiy (bank karta, pasport va boshqa) ma’lumotlarni tarqatmaslik lozim. Ayrim hollarda telefonga keladigan SMS tasdiqlash kodlarini begonalarga berish ham kiberfiribgarlarning tuzog‘iga tushib qolishga olib keladi.
Shuningdek, kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi doirasida o‘tkaziladigan tanlovlar haqida ham ma’lumot berildi. “Eng yaxshi kontent”, “Eng ommabop chellenj”, “Eng ta’sirli videorolik”, “Eng yaxshi innovatsion yondashuv”, “Eng yaxshi insho”, “Eng yaxshi she’r”, “Kibersavodxon mahalla”, “Bank kartasi kodini hech kimga bermayman (video, foto)”, “Shaxsiy ma’lumotlarimni sir saqlayman (video, foto)”, “Eng yaxshi teleloyiha”, “Eng yaxshi radioloyiha” kabi tanlovlar joriy yilning noyabr oyi davomida o‘tkaziladi. Tanlovlar yakuni bo‘yicha materiallarni baholovchi komissiya tuziladi va g‘oliblar tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.
Muloqot davomida shu kabi salbiy holatlarning oldini olish va aholini ogohlikka jalb qilish maqsadida OAV va ijtimoiy tarmoqlar faollari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish lozimligi aytildi.
A.Musayev, O‘zA.