Andijon viloyatida noyabr oyi “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” deb e’lon qilinishi munosabati bilan keng qamrovli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Mazkur aksiyalar aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida axborot xavfsizligi, internet madaniyati va kiberxavfsizlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Shu munosabat bilan Andijon davlat universitetida talabalar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda viloyat prokurori Murodillo Abduhakimov va Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Sanjar Djabarov yoshlar bilan ochiq muloqot olib bordi. Suhbat davomida internetdagi xavfsizlik, ijtimoiy tarmoqlarda tarqaladigan feyk xabarlar va kiberhujumlardan himoyalanish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvning asosiy maqsadi yoshlarni axborot maydonida ongli va mas’uliyatli faol bo‘lishga o‘rgatish, shaxsiy ma’lumotlarini muhofaza qilish va internetdan xavfsiz foydalanish ko‘nikmalarini rivojlantirishdan iborat edi. Murodillo Abduhakimov va Sanjar Djabarov talabalarga kiberhujumlarga qarshi turish, feyk axborotlarni aniqlash va shaxsiy ma’lumotlarni muhofaza qilish bo‘yicha aniq tavsiyalar berdi.
Viloyat prokurori tomonidan bunday tadbirlar nafaqat axborot texnologiyalari sohasidagi bilimlarni oshirish, balki yoshlarda huquqiy ong va mas’uliyat hissini shakllantirishga ham xizmat qilishi ta’kidlandi. Internetda sodir bo‘layotgan jinoyatlarning oldini olish va kiberxavfsizlik madaniyatini yoshlar orasida qaror toptirishda davlat va ta’lim muassasalarining hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbirda ishtirok etgan ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar bilan birga yoshlarga axborot xavfsizligi, internet madaniyati va kiberxavfsizlik sohasidagi yangiliklar va samarali usullar haqida ma’lumot berdi. Bu uchrashuvlar yoshlarda ma’rifat va ongli faollikni yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilganini ko‘rsatdi.
[gallery-26107]
“Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” doirasida kelgusida ham seminarlar, treninglar va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Maqsad yoshlarning axborot sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, internetdan mas’uliyatli foydalanish va kiberxavfsizlik madaniyatini rivojlantirishdir.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari