Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kibermadaniyatni yuksaltirish – dolzarb vazifa
18:36 / 2026-02-24

Ana shu mavzuda Xorazm viloyati ichki ishlar boshqarmasi Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasida ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Bugungi kunda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining jadal rivojlanishi, internet va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchilar sonining ortishi kibermakonda sodir etilayotgan jinoyatlar turi va ko‘lamini ham kengaytirmoqda. 

Xususan, fishing, onlayn firibgarlik, plastik karta ma’lumotlarini qo‘lga kiritish, zararli dasturlar orqali mablag‘ talon-toroj qilish kabi jinoyatlar aholi orasida jiddiy xavotir uyg‘otmoqda.

Tadbirda boshqarma mas’ullari tomonidan o‘tgan yillar mobaynida axborot texnologiyalari orqali sodir etilgan jinoyatlar tahlili, ularni fosh etish borasida amalga oshirilgan tezkor-qidiruv va protsessual chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Kiberjinoyatlarning oldini olishda profilaktik tadbirlar alohida o‘rin tutishi ta’kidlandi. 

– Kiberjinoyatlarning aksariyati fuqarolarning yetarli darajada kiberxavfsizlik qoidalariga rioya qilmasligi, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish madaniyati pastligi sababli sodir etilmoqda, – deydi viloyat IIB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimi Azamat Saidnazarov. – Mazkur matbuot anjumani aholi o‘rtasida axborot xavfsizligi madaniyatini shakllantirish, kiberjinoyatlarning oldini olish va bu boradagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Matbuot anjumani ochiq muloqot tarzida o‘tkazilib, jurnalist va blogerlar tomonidan sohadagi mavjud muammolar, kiberjinoyatlarni tergov qilish amaliyoti, xalqaro hamkorlik, axborot xavfsizligini ta’minlashda texnik imkoniyatlar yuzasidan qator savollar yo‘llandi. 

Boshqarma mutaxassislari tomonidan har bir savolga atroflicha javob berilib, ayrim jinoyat turlari bo‘yicha aniq misollar keltirildi. Shuningdek, fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarni tezkor ko‘rib chiqish, zararni qoplash choralarini aniqlash hamda aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari